Volframdan grafitgacha: O‘zbekiston kritik minerallar ishlab chiqarishni kengaytiradi
Mamlakat 2030 yilgacha 16 turdagi muhim minerallarni ishlab chiqarish qiymatini 2,7 milliard dollardan oshirishni rejalashtirmoqda. Volframni chuqur qayta ishlashga esa 1,1 milliard dollar miqdorida sarmoya jalb qilinadi.
© Foto: reutersPrezident Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni «Navoiyuran» korxonasi va «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati»ning («TMK») 2026 yildagi ustuvor vazifalari hamda kelgusi rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda mamlakatning kritik minerallar sohasidagi ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va eksport hajmini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotdagi rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha 16 turdagi muhim metallar bo‘yicha ishlab chiqarish qiymatini 2,7 milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yo‘nalishda asosiy vazifalardan biri sifatida mavjud mineral xomashyo bazasidan unumli foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Hozirda «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» volfram, molibden, selen, tellur va reniy kabi besh turdagi mahsulot bilan ishlamoqda. Prezident ushbu ro‘yxatni yanada kengaytirib, qo‘shimcha minerallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Xabarda yangi mahsulotlar sifatida quyidagilar sanab o‘tilgan:
Nikel;
Kobalt;
Grafit;
Surma;
Qalay;
Marganets;
Platina;
Vanadiy;
Simob;
Mis.
Volframni qayta ishlashga 1,1 milliard dollar yo‘naltiriladi
Yangi rejalarda volfram alohida o‘rin egallaydi. Prezident taqdimotida ushbu metallni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar taqdim etilgan.
Ularni to‘laqonli amalga oshirish uchun 1,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 2030 yilga borib volfram yo‘nalishidagi ishlab chiqarishning qiymatini qariyb 2,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Aynan volframning tanlanishi jahon bozoridagi vaziyat bilan ham bevosita bog‘liq. «Xalqaro energetika agentligi»ning 2026 yilgi «Global Critical Minerals Outlook» hisobotiga ko‘ra, 2025 yildan 2026 yil apreligacha ayrim strategik minerallarning narxi ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Volfram narxi esa shu davrda qariyb olti baravarga ko‘tarilgan.
Bunday keskin o‘zgarishga xomashyo ta’minotidagi cheklovlar, eksport nazorati va yuqori texnologiyali sanoatdagi talabning jadal o‘sishi ta’sir qilgan. Agentlik ta’kidlashicha, volfram — aerokosmik sanoat, mudofaa, konchilik va yuqori haroratda ishlaydigan uskunalar uchun eng muhim materiallardan biri hisoblanadi.
Global bozorda kritik minerallarga talab nima uchun oshib bormoqda?
Prezident taqdimotida keltirilishicha, jahonda an’anaviy metallarga talab yiliga o‘rtacha 1 foizga o‘smoqda. Kritik minerallar bozorida esa bu ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etmoqda.
«Xalqaro energetika agentligi»ning 2026 yilgi hisoboti ham ushbu yo‘nalishdagi talabning keskin o‘sishini tasdiqlaydi. Agentlikning asosiy ssenariysiga ko‘ra, 2040 yilgacha litiyga bo‘lgan talab uch baravardan ko‘proqqa oshishi mumkin. Nikel, grafit va noyob yer elementlariga talab esa 50–90 foiz oralig‘ida o‘sishi prognoz qilingan.
Bunday minerallar, jumladan, quyidagi sohalarda keng ishlatiladi:
Litiy, nikel, kobalt va grafit — akkumulatorlar va energiya saqlash tizimlarida;
Mis — elektr tarmoqlari, kabellar va elektr jihozlarida;
Volfram — konchilik, metallga ishlov berish va yuqori haroratga chidamli uskunalarda;
Platina — katalizatorlar va kimyoviy ishlab chiqarishda;
Surma — ayrim turdagi akkumulatorlar va yong‘inga chidamli materiallarda.
Uran ishlab chiqarishni ham ikki baravar oshirish rejalashtirilmoqda
5-noyabr kungi taqdimotda faqat texnologik metallar emas, «Navoiyuran» korxonasining ishlab chiqarish rejalari ham batafsil ko‘rib chiqilgan
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda uran ishlab chiqarish hajmini 2026 yildagi 7,5 ming tonnadan 2030 yilgacha 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, aniqlangan zaxiralar hajmini 200 ming tonnaga oshirish maqsad qilingan.
Bu yo‘nalishda geologik qidiruv va texnologik burg‘ilash ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish va qo‘shimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 250 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ham rejalashtirilgan.





