Havo haroratining pasayishi sababli metan-shoxobchalar faoliyati cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda 9–11-noyabr kunlari kutilayotgan sovuq ob-havo va haroratning keskin pasayishi tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilishi mumkin.
© Foto: Vaqt.uzO‘zbekistonda kelgusi hafta boshida havo harorati pasayishi munosabati bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (metan-shoxobchalar) faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ma’lum qildi.
«O‘zgidromet» xizmatining prognoziga ko‘ra, 9–11-noyabr kunlari mamlakat bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi, shimoliy va tog‘li hududlarda esa qor yog‘ishi kutilmoqda. Tungi vaqtlarda harorat shimolda −7 darajagacha, ayrim boshqa hududlarda esa −1…−2 darajagacha pasayadi.
Ustuvorlik ijtimoiy obyektlar va aholiga beriladi
Energetika vazirligining qayd etishicha, ob-havo soviganda tabiiy gaz ta’minotida birinchi navbatda aholi xonadonlari, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlarga ustuvorlik beriladi.
Shu sababli, tizimda yuklama ortib ketishining oldini olish maqsadida, zarurat tug‘ilgan taqdirda, mavsumiy iste’molchilar, xususan, metan-shoxobchalar faoliyati vaqtincha cheklanadi.
«Cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan, tasdiqlangan grafiklar asosida joriy etiladi. Iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Xavfsizlik choralari va aloqa tarmoqlari
Isitish mavsumi boshlanishi munosabati bilan Energetika vazirligi aholini xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Jumladan, isitish va gaz jihozlari, mo‘ri hamda shamollatish yo‘llarining sozligini tekshirish, xonani isitish maqsadida gaz plitalaridan foydalanmaslik (bu is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin) va isitish jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik so‘ralmoqda.
Shuningdek, sim va rozetkalarga ortiqcha yuklama bermaslik, bir nechta yuqori quvvatli qurilmani bitta uzaytirgichga ulamaslik lozimligi ta’kidlandi.
«Tejamkorlik ham muhim: keraksiz elektr jihozlarini o‘chiring, isitkichlardan me’yorida foydalaning va uydagi issiqlikni saqlang. Bu oilaviy xarajatlarni kamaytiradi va tarmoqlardagi yuklamani pasaytiradi», — deyiladi xabarda.
Agar iste’molchilarda gaz yoki elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, sutkaning istalgan vaqtida quyidagi maxsus raqamlarga murojaat qilish mumkinligi eslatib o‘tildi:
Gaz bosimi va ta’minoti bo‘yicha: 1104
Gaz avariya xizmati: 104
Elektr uzilishlari va tarmoq nosozliklari: 1154
Bundan tashqari, noqonuniy ulanish yoki energiya resurslaridan talon-toroj qilish holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolardan Energoinspeksiyaning +998 71 208-10-15 ishonch raqamiga xabar berish so‘ralgan.





