«Bu bizga ham dars, ham saboq». Poytaxtdagi yangi bekatlarning tomi issiq o‘tkazmaydigan material bilan qoplanadi
Toshkentda yangi avtobus bekatlari qurilishi atrofidagi bahslar davom etar ekan, Vaqt.uz jurnalisti poytaxtda yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha mas’ullarni savolga tutdi. U poytaxtdagi hokimlar yoki vazirlar bekatlarda avtobus kutmasligini ta’kidlab, bunday bekatlar qurilishidan oldin aholining fikri o‘rganilganmi yoki yo‘qmi, deya qiziqdi.
© Ijtimoiy tarmoqlar28-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida yangi bekat majmualari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Vaqt.uz jurnalisti poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbariyatiga bir nechta savollar bilan yuzlandi.
Xususan, jurnalist poytaxtdagi hokimlar yoki vazirlar hadeganda bekatlarda turmasligi, avtobus kutmasligini urg‘ulab, oxirgi paytlarda muhokamlar markazida qolayotgan bekatlarning bir qismi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilgani, ammo bu odamlar uchun qulay emasligini ta’kidladi. U bu masalada, qolaversa boshqa sohalarda ham xalqaro tajriba o‘rniga aholi soni, mahalliy iqlimdan kelib chiqib O‘zbekiston tajribasini joriy etish kerakligini bildirdi.
«Hamma yo‘nalishlarda ham avtobuslar minut-minut, sekund-sekundda kelayotgani yo‘q. Besh daqiqa, 10 daqiqa, kerak bo‘lsa 40 minutlab ostanovkalarda turgan kunimiz ham bo‘ladi. Nima uchun qayta-qayta o‘zgartirishimiz kerak? Xuddi panjaralarga 8 milliard pul ajratilib, yana qayta ko‘rib chiqishimiz kerakligi esimizga tushib qolgandek, bekatlar ham shu holatga kelyapti-da!», — deydi jurnalist.
U mas’ullarga bunday bekatlar qurilishidan avval aholining fikri o‘rganilganmi, odamlar bunday bekatlarga haqiqatdan ham ehtiyoj sezadimi, degan savollarni o‘rtaga tashladi. Shuningdek, bu ishlarga mas’ul bo‘lganlar ushbu masalalar haqida qay darajada bosh qotirgani bilan ham qiziqdi.
Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbari o‘rinbosari Furqat Murodov esa jurnalist savollariga javob berar ekan, bu bo‘yicha yo‘l harakatini tashkil etish markazining faoliyatini boshlash bo‘yicha davlat rahbarining qarori borligini aytdi. Uning aytishicha, ana shu qarorda tashkilotga bu yil majburiy topshiriq qo‘yilgan. Ya’ni tashkilot 2026-yilda 1000 dan oshiq bekatning ijara huquqini auksionga chiqarishi kerak.
«Biz shu talab ijrosini, ya’ni hukumat topshirig‘ining ijrosini tashkil etishni boshladik. Hozir ko‘p xorijiy mutaxassislar bilan ishlaymiz. Bekatlarni yo‘lovchi uchun qulay ahvolga keltirmasdan turib, jamoat transportining jozibadorligini oshira olmaymiz. Agar yo‘lovchi bekatda, perronda, deylik avtobusni kutish vaqtida qulaylik bo‘lmasa, biz jamoat transportining jozibadorligini oshira olmayapmiz. Shuning uchun, nafaqat do‘konli bekatlar, balki Toshkent shahridagi barcha bekatlarni biz besh bosqichga bo‘lib, birinchi bosqichini boshladik. Konstruksiyasini o‘zgartiramiz demayapman. Mana 10 kun vaqt davomida 40 gradusdan oshiq issiq bo‘ldi. Haqiqatda issiq bo‘ldi. Bu paytda nafaqat u bekatda, balki ko‘chaning o‘zida turib yurishning o‘zi qiyin bo‘ldi. Balkim o‘sha soya beradigan qismini uzaytirish kerakdir», — deydi Murodov.
U bu borada e’tirozlarni to‘g‘ri qabul qilib, tadbirkorga issiq o‘tkazayotgan bekatlarning tomini issiq o‘tkazmaydigan material bilan qoplash bo‘yicha talab qo‘yayotganini aytdi.
«Men e’tirozlarni to‘g‘ri qabul qilib, tadbirkorga talab qo‘yyapman. Sening bekatingda, demak, bu konstruksiyada soya yetishmayapti. Bu konstruksiya issiq o‘tkazyapti, bu ikkita kamchilikni to‘g‘rilaysan, deb. Bu bizga ham dars, ham saboq», — ta’kidlaydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi avtobus bekatlari qurilishi atrofidagi bahslar muhokama qilinib, ularning real qiymati ochiqlangandi va moliyalashtirish manbalari ma’lum bo‘lgandi.





