GM UzAuto Motors’ni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bo‘lmaydi
Davaktiv UzAuto Motors ni xususiylashtirish yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi. Savdolarda qonunchilik talablariga javob beradigan barcha investorlar ishtirok etishi mumkin.
© Ijtimoiy tarmoqlarUzAuto Motors’ni xususiylashtirishda General Motors’ga boshqa investorlar oldida ustuvor yoki alohida huquq berilmaydi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Spot’ga ma’lum qilgan.
Agentlikning bildirishicha, qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor xususiylashtirish jarayonida qatnashishi mumkin. Aktivni xalqaro savdolar orqali sotish va jarayonni ochiq o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
«Qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor ishtirok etishi mumkin — ayrim kompaniyalar uchun hech qanday imtiyoz yoki ustuvor huquq nazarda tutilmagan» , — deya ma’lum qildi Davaktiv.
Xususiylashtirish jarayoni qaysi bosqichda?
Hozirgacha faqat UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain’ni sotish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jarayonga xalqaro maslahatchi Alvarez & Marsal jalb qilingan.
Maslahatchi xulosalari va takliflari olingach, Davaktiv xalqaro tenderni rasman e’lon qiladi. Agentlik izohda tenderni imkon qadar tezroq o‘tkazishni rejalashtirayotganini bildirgan, biroq uning aniq sanasi maslahatchining ishlarini yakunlashi va investorlar faolligiga bog‘liq.
Xususiylashtirish doirasida UzAuto Motors’ning 99,7 foiz va UzAuto Motors Powertrain’ning 100 foiz ulushi sotiladi. Har ikki korxonani bitta lot sifatida yoki alohida sotish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Yakuniy format esa konsultant takliflari asosida belgilanadi.
GM bilan kelishuv
Hozirda UzAuto Motors Chevrolet brendi ostida avtomobillar ishlab chiqaradi. 2025 yil noyabrida O‘zbekiston va AQSH sanoat hamda savdo sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishgan.
Kelishuvlarga ko‘ra, uch yil davomida 5 mlrd dollarlik avtomobil butlovchi qismlarini import qilish belgilangan. Shuningdek, UzAuto Motors’ning savdosi va xususiylashtirilishi jarayonida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan.
«O‘zavtosanoat» va General Motors o‘rtasida 2017 yil oktabrida 10 yillik alyans shartnomasi imzolangan. Hujjat UzAuto Motors’ga GM modellari, Chevrolet brendi va General Motors texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, avtomobillarni MDH davlatlariga eksport qilish imkonini bergan. Bu huquqlar evaziga kompaniya Amerika tomoniga royalti to‘laydi.
Masalan, UzAuto Motors’ning 2024 yil uchun moliyaviy hisobotida General Motors’ga to‘langan royalti miqdori 86 mln dollardan oshgani ko‘rsatilgan.
Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi alyans shartnomasi 2027 yilda o‘z yakuniga yetadi.





