Logo

«Muammoni sotib olamiz» — Strategik islohotlar agentligi byurokratiyani kamaytirish borasidagi takliflarga pul to‘laydi

Bugun 16:503 daqiqa

Kecha, 21-sentabr kuni Milliy kontent markazi binosida Strategik islohotlar agentligi va Adliya vazirligi mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusi loyihasi e’lon qilinib, uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida OAV vakillariga ma’lumot berildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

«Muammoni sotib olamiz» — Strategik islohotlar agentligi byurokratiyani kamaytirish borasidagi takliflarga pul to‘laydi

Jamoatchilik tashabbusi loyihasi haqida

Anjumanda ma’lum qilinishicha, boshqaruvdagi ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar — byurokratiya hali ham saqlanib qolyapti. Xususan, bugungi kunda davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 ming 41 ta davlat xizmati mavjud. Bular ortiqcha talab va hujjatlarni qisqartirish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda inson omilini kamaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

«Ana shu jarayonda fuqarolar va tadbirkorlarning real tajribasi, ular duch kelayotgan muammolar va fikrlarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusining asosiy maqsadi ham vatandoshlar, tadbirkorlar davlat idoralariga murojaat qilganda duch kelayotgan byurokratik to‘siqlarni aniqlash, ularning eng dolzarblarini saralash va jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni amaliy islohotlarga aylantirishdan iborat», — dedi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Tohirjon Safarov.

photo_2026-09-22_16-34-56

Unga ko‘ra, loyiha doirasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari murojaat.byurokratiyasiz2030.uz elektron platformasi orqali o‘zi duch kelgan byurokratik to‘siq haqida taklif yuborishi mumkin.

Tashabbus 2026 yil 21-sentabrdan 20-noyabrgacha davom etadi. Bu davrda har bir taklifda muammoning aniq tavsifi, uning oqibati yoki vaqt va resurs yo‘qotishi, amaliy yechim hamda imkoniyat bo‘lsa, tasdiqlovchi dalillar ko‘rsatilishi kerak.

Takliflar qanday baholanadi?

Agentlikning Natijaga erishishni boshqarish guruhi Loyiha ofisi rahbari Aziza Umarovaga ko‘ra, kelib tushgan takliflar soha ekspertlari tomonidan baholanadi va tasdiqlangan takliflar amaliyotga kiritiladi. Jarayonning ochiqligini ta’minlash maqsadida esa tanlov natijalari va statistik ma’lumotlar real vaqt rejimida aks etuvchi platforma orqali jamoatchilikka taqdim etib boriladi.

Umarova shuningdek, tashabbus natijasida erishiladigan kutilmalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, loyiha yakuni bilan:

●       davlat organlarida eng dolzarb byurokratik jarayonlar xaritasi tuziladi;

●       tezkor hal etish mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi;

●       normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqiladi;

●       eng ustuvor takliflar «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturining yillik rejalariga kiritiladi.

photo_2026-09-22_16-35-08

Shuningdek, tashabbus orqali davlat organlari funksiyalarini 30 foizgacha qisqartirish, tadbirkorlikka qo‘yiladigan majburiy talablarni 20 foizgacha kamaytirish va elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish reja qilinyapti.

«Muammoni sotib olamiz»

Tadbirda agentlik direktori o‘rinbosari Tohirjon Safarov tomonidan tashabbus doirasida 2030 yilgacha yangi taklif va muammolarni ilgari surgan murojaatchilarni rag‘batlantirish uchun jami 3 mln dollar miqdorida mukofot puli ajratilgani ham ma’lum qilindi.

Uning aytishicha, ma’qullangan takliflar asosida jarayonlarni soddalashtirish, raqamlashtirish yoki amaldagi tartiblarga o‘zgartirish kiritish choralari ko‘riladi.

Tohirjon Safarov shuningdek, «eng yaxshi» deb topilgan loyihalar uchun mablag‘ taqsimlash haqida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga ham javob qaytardi. «Biz 2026 yil uchun eng yaxshi 50 loyihani tanlab olamiz va ularga jami 100 million so‘m ajratilgan. Qolgan yillar uchun ham to‘lov shu tarzda davom etadi», – dedi Safarov.

Teglar

«Muammoni sotib olamiz» — Strategik islohotlar agentligi byurokratiyani kamaytirish borasidagi takliflarga pul to‘laydi | Vaqt.uz