Logo

O‘zbekistonda eng ko‘p uy qaysi hududlarda sotilmoqda?

Mamlakatda yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 18 foizdan ko‘proqqa oshgan.

O‘zbekistonda eng ko‘p uy qaysi hududlarda sotilmoqda?

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston bo‘ylab 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi qayd etilib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida ma’lum qilindi.

«Yil boshidagi keskin o‘sishdan so‘ng uy-joy savdosi barqarorlashdi», — deyiladi markaz xabarida.

Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida bitimlar soni 43,5 mingtagacha sezilarli darajada oshgan. Shundan so‘ng, aprel va may oylarida faollik pasaygan bo‘lsa-da, iyun–iyul oylarida bu ko‘rsatkich oyiga 25–26 mingta bitimgacha tiklangan va avgust oyida ham shu darajada saqlanib qolgan.

Xususan, avgust oyida respublika bo‘yicha qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichga deyarli mos keladi (+0,2 foiz).

Umuman olganda, respublika uy-joy bozorida yuqori faollik saqlanib qolmoqda.

Toshkent shahri, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida eng yuqori o‘sish kuzatildi

Hududlar kesimida olib qaralganda, avgust oyida mamlakatdagi 14 ta hududning 6 tasida faollik oshgani kuzatilgan.

Toshkent shahrida avgust oyining o‘zida 7,4 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘paygan.

«Yil boshidan buyon eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida qayd etildi», — deya ta’kidlanadi sharhda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyidan avgust oyigacha bo‘lgan davrda poytaxtda uy-joy savdosi hajmi 27,5 foizga oshgan. Shuningdek, yil boshidan buyon yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryoda 25,4 foizni va Andijon viloyatida 23,8 foizni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid