add

Bugundan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

01.02.2026 | 09:536 daqiqa

1-fevraldan boshlab poyezd chiptalari narxi yana oshadi, Hajga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi va 50 yildan oshgan mashinalarni haydash taqiqlanadi. Bugundan kuchga kiradigan shu va boshqa qonunchilikdagi o‘zgarishlarni bitta joyga jamladik.

Bugundan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?© Javhar Chorshanbiyeva

50 yoshdan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi. Ular davlat ro‘yxatidan ham chiqariladi. Hukumatning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish to‘g‘risidagi qarorda aytilishicha, ushbu taqiq 1-fevraldan kuchga kiradi.

Shuningdek, 1-fevraldan boshlab umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan kelgusida foydalanish zarurati tug‘ilganda, ular “antikvar” toifasiga o‘tkaziladi. Bunda ularga alohida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami beriladi hamda ro‘yxatga olish va foydalanishning maxsus tartibi belgilanadi.

Tezyurar poyezd biletlari narxi yana ko‘tariladi

1-fevraldan “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxlari 15%ga oshiriladi. O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari, shuningdek elektr energiyasi hamda ekspluatatsiya xarajatlari oshganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Bunda “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP toifadagi chipta narxlari 15% ga qimmatlaydi. Masalan, Toshkentdan Buxoroga amaldagi 875 ming so‘mlik chiptani 1-fevraldan 1 138 000 so‘mga xarid qilasiz. Biznes toifadagi chipta narxi 1% dan ortiqqa ko‘tariladi, ya’ni Qarshidan Toshkentga 558 ming so‘m emas, 642 000 so‘m to‘lab yetib olasiz. Shuningdek, ekonom toifadagi chipta narxlari esa 5% dan ortiqqa qimmatlamoqda, masalan Toshkentdan Samarqandga 270 ming so‘m emas, 311 000 so‘mga chipta xarid qilib yetib olasiz.

Shu bilan birga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 15% ga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi poyezd narxlari oxirgi marta bir yil avval — 2025 yil 1-fevraldan boshlab o‘zgartirilgandi. O‘shanda “Afrosiyob” biletlari 20–25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” biletlari 30 foizga, yotoqli poyezdlarniki esa 10,5 foizga ko‘tarilgan.

ID kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi

Prezident qarori bilan, 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston fuqarolari ilk marta ID karta (milliy pasport) olish uchun ariza topshirganda, elektron raqamli imzo sertifikati karta chipiga bepul kiritiladi.
Bundan tashqari, fuqarolar “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini aniqlashning yagona axborot tizimida avtomatik ravishda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Xorijiy fuqarolarga QQSni naqd shaklda qaytarish mumkin bo‘ladi

2026 yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda chet el fuqarolari tomonidan ilgari sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS summasini qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pulda amalga oshirilishi mumkin.

Endi Hajga ro‘yxatdan o‘tmasdan borib bo‘lmaydi

Hajga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi. O‘zbekiston fuqarolari endi Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Yangi tartib quyidagi muddatlardan boshlab kuchga kiradi:
2026 yil 1-fevraldan — Haj tadbiriga;
2026 yil 1-maydan — Umra tadbiriga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish shart.

Shuningdek, ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib, safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etildi.

Avtomaktablarda nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi

1-fevraldan “A” va “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi, buning uchun avtomaktablarda o‘qish majburiy bo‘lmaydi. Bunda talabgorlar o‘z ixtiyori bilan o‘quv kursining nazariy qismini onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishlari yoxud unga mustaqil tayyorlanishlari mumkin.

Faqat majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tash lozim. Unda qatnashgandan so‘ng transport vositalarini boshqarish ko‘nikmalarini baholashning ijobiy natijalari asosida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar topshiriladi. Fuqaroning mashg‘ulotlardagi o‘qishni tugatgani haqidagi ma’lumotnoma elektron tarzda shakllantiriladi.

Yuk mashinalar uchun alohida seriyali davlat raqamlari

Umumiy og‘irligi 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar, antiqa avtomototransport vositalari uchun alohida seriyali davlat raqamlari joriy etilmoqda.

Talabalarn kontraktining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi

1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi to‘lab beriladi.

Bunda to‘lovlar tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi hamda yordamning umumiy miqdori 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim.

Kambag‘al oilalardagi yoshlar bepul harbiy xizmat o‘taydi

1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlar uchun safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi.
Ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda harbiy xizmat bilan bog‘liq xarajatlar Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisobvarag‘idan amalga oshiriladi. Shuningdek, harbiy xizmatni o‘tab kelgan yoshlar bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Kitobxonlik ijtimoiy reklama sifatida tan olinadi

Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha «Kitob — ma’rifat manbai» dasturi amalga oshiriladi.

Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi. Transportlarda, jumladan, avtobus, metro, samolyot, poyezdlarda simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali Mutolaa platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi. Umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi.

«Tashabbusli budjet» loyihalarini aholi va davlat sherikligi asosida moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi

1-fevraldan boshlab tashabbusli budjet jarayonlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foiz qismi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

Toshkentda rezident avtoturargohlar narxi yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarida bo‘ladi

Toshkent shahrida rezidentlar (yaqin atrofdagi binolarda yashovchilar) uchun yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlar narxi barcha beshta tarif zonalari uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarini (hozirda 412 000 so‘m yoki 35 dollardan kam) tashkil etadi.

Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 25-dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan. Ushbu o‘zgarishlar 2026 yil 1-fevraldan kuchga kiradi.

Tungi vaqtda — soat 20:00 dan 8:00 gacha — rezident ruxsatnomalari bepul beriladi. Ruxsatnomalar uchun arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish mumkin.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil 1-fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oiladan ajratib olingan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi.

Bunda:

  • professional tutingan oilani tashkil etishga talabgorlar ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi;

  • tanlab olingan bolalar "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida professional tutingan oilalarga joylashtiriladi;

  • har bir bolani parvarishlash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oyda EKIHning ikki baravari miqdorida pul mablag‘lari to‘lanadi;

  • har bir bolaning yashash xarajatlari uchun oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan yashash xarajatlari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Birinchi bosqichda Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026 yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ixcham markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid