Logo

Haftalik narxlar: bozorda narx-navo qanday?

Bugun 19:084 daqiqa

Sentyabrning birinchi yarmidan bozorda sabzavotlar va go‘sht narxi oshgan bo‘lsa, mevalar narxi arzonlasha boshladi. Ayniqsa, go‘shtning eng yuqori narxi poytaxtda, tuman va shaharlar kesimida esa Toshkent tumanida qayd etildi.

Haftalik narxlar: bozorda narx-navo qanday?

16-sentabr holatiga ko‘ra, sabzavotlar, jumladan, pomidor va kartoshka kabi mahsulotlar narxi 3 foizgacha oshdi. Biroq mevalar bozorida mavsumiy omillar sabab limon, olma va uzum kabi mahsulotlar narxi aksincha 3,1 foizgacha pasaydi.

Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini an’anaviy tarzda o‘rganib boradi.

Kundalik mahsulotlar

Hafta davomida kundalik xarid qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxida katta o‘zgarish kuzatilmadi. Xususan, bir litr kungaboqar yog‘i 21 ming 423 so‘m, paxta yog‘i esa 20 ming 209 so‘m bilan o‘zgarishsiz qoldi.

Birinchi navli un narxi ham 6 ming 240 so‘m bilan o‘zgarmadi. Birinchi navli undan tayyorlangan non esa 6 ming 291 so‘mdan sotilmoqda.

Tuxum narxi esa biroz oshib, 11 ming 917 so‘mga yetdi. Shunga qaramay, bu mahsulotlarda kuzatilgan o‘zgarishlar juda kichik bo‘lib, tuxum narxi atigi 2,8 foizga yoki 400 so‘mga qimmatlagan.

Quyidagi jadvalda 5 ta asosiy mahsulotlarning narxlari berilgan.

Kundalik mahsulotlar

Hafta davomida kundalik xarid qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxida katta o‘zgarish kuzatilmadi. Xususan, bir litr kungaboqar yog‘i 21 ming 423 so‘m, paxta yog‘i esa 20 ming 209 so‘m bilan o‘zgarishsiz qoldi.

Birinchi navli un narxi ham 6 ming 240 so‘m bilan o‘zgarmadi. Birinchi navli undan tayyorlangan non esa 6 ming 291 so‘mdan sotilmoqda.

Tuxum narxi esa biroz oshib, 11 ming 917 so‘mga yetdi. Shunga qaramay, bu mahsulotlarda kuzatilgan o‘zgarishlar juda kichik bo‘lib, tuxum narxi atigi 2,8 foizga yoki 400 so‘mga qimmatlagan. Quyidagi jadvalda 5 ta asosiy mahsulotlarning narxlari berilgan.

1790133579988

Sabzavotlar

Sabzavotlar orasida pomidor narxining oshishi davom etdi. Uning o‘rtacha narxi 3,2 foizga ko‘tarilib, 7 ming 807 so‘mga yetdi. Bir hafta oldin bir kilogramm pomidor 7 ming 565 so‘mdan sotilgan edi.

Bunga mavsumiy ta’minotdagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘lishi mumkin. Yozgi ochiq maydon hosili kamaygani sari bozorda issiqxona pomidorining ulushi ortadi. Bu esa taklif va narxga ta’sir qiladi.

Pomidor qimmatlashgan bo‘lsa, bodringda aksincha, narx biroz pasaydi. Bodringning o‘rtacha narxi 0,8 foizga tushib, 7 ming 489 so‘mni tashkil etdi. Bir hafta avval u 7 ming 551 so‘mdan sotilgan edi.

Kartoshka esa pomidor kabi qimmatlashdi, uning narxi 3 foizga oshib, 4 ming 563 so‘mga yetdi. Sabzi va piyozda o‘zgarish ancha kichik bo‘lib, ikkalasi ham 0,6 foizdan qimmatlagan. Ularning o‘rtacha narxi mos ravishda 5 ming 387 va 2 ming 649 so‘m bo‘ldi.

Shu tariqa, haftalik narxlar har bir mahsulotda turlicha shakllandi. Pomidor va kartoshka qimmatlagan bo‘lsa, bodring narxi pasaydi, sabzi va piyoz narxida esa o‘zgarish juda kam bo‘ldi.

1790134203345

Mevalar

Mevalar narxida hafta davomida umumiy pasayish kuzatildi. Olma narxi 1,2 foizga kamayib, 18 ming 262 so‘mga tushdi. Bir hafta oldin uning o‘rtacha narxi 18 ming 355 so‘m edi.

Nokda esa o‘zgarish yanada kichik bo‘lib, narx 0,5 foizga pasayib, 18 ming 262 so‘mni tashkil qildi.

Uzum narxi ham avvalgi haftaga nisbatan pasaydi. Uning o‘rtacha narxi 12 ming 309 so‘mga tushib, haftalik o‘zgarish 1,3 foizni tashkil etdi. Limon esa narxi eng ko‘p arzonlagan meva bo‘ldi. Bir kilogrammi hafta davomida uning narxi 1 ming 465 so‘mga arzonlab, 45 ming 731 so‘mga tushdi. Foiz hisobida bu 3,1 foizlik pasayishga teng.

Bozordagi narxlar bilan statistikadagi ko‘rsatkichlar orasida farqlar ancha katta. Masalan, olma 6–30 ming, nok 13–40 ming, uzum 12–50 ming, limon 22–42 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda. Bu narxlar mevaning navi, turi, sifati va sotiladigan joyiga qarab farqlanadi.

file_000000009dd4820a9c2b6b5c9baab546

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qanday?

9–16-sentabr holatiga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxlari biroz qimmatladi. Hafta davomida mol go‘shti narxi 0,9 foizga, qo‘y go‘shti esa 0,7 foizga oshgan. Xususan, bir kilogramm mol go‘shti o‘rtacha 122 ming 453 so‘m, qo‘y go‘shti esa 134 ming 127 so‘mni tashkil qilgan. Ya’ni, respublika bo‘yicha qo‘y go‘shti mol go‘shtidan o‘rtacha 11 ming 674 so‘m qimmatroq bo‘lgan.

Go‘sht mahsulotlari narxidagi haftalik o‘zgarish hududlar kesimida turlicha shakllangan.

IMG_20260923_114302

Manba: Markaziy bank  «narxtahlil» platformasidan

Eng yuqori narx Toshkent shahrida qayd etildi. 16-sentabr holatiga ko‘ra, poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 404 so‘mni tashkil qilib, respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda esa narx ancha past bo‘lib, 1 kg mol go‘shti o‘rtacha 114 ming 288 so‘mdan sotilgan.

Mol go‘shti narxining haftalik o‘zgarishida eng katta o‘sish Qashqadaryoda kuzatildi. Bu yerda narx 3,93 foizga oshgan. Samarqand va Jizzaxda ham mol go‘shti mos ravishda 2,99 va 2,15 foizga qimmatlagan.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda narxlar deyarli o‘zgarmadi. Buxoro va Navoiyda o‘sish 0,01 va 0,02 foiz bilan cheklangan. Toshkent viloyatida esa mol go‘shti narxi 0,25 foizga pasaygan.

Hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti hamon saqlanib qolmoqda. 16-sentabr holatiga ko‘ra, eng qimmat va eng arzon hudud o‘rtasidagi farq 17 ming 116 so‘mni tashkil etdi. Ya’ni, Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shti Qoraqalpog‘istonga nisbatan qariyb 15 foiz qimmatroq bo‘lgan.

Tuman va shaharlar kesimida esa narxlar yanada yuqori shakllangan. Mol go‘shtining eng yuqori o‘rtacha narxi Toshkent tumanida 135 ming 526 so‘mni, qo‘y go‘shtiniki esa Qarshi shahrida 152 ming 308 so‘mni tashkil qilgan.

Haftalik o‘sish kichik bo‘lsa-da, go‘sht narxlaridagi hududiy tafovut katta. Bir kilogramm mol go‘shti uchun ayrim hududlarda xaridor 17 ming so‘mdan ko‘proq ortiqcha to‘lamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Hindistonda go‘sht ishlab chiqarib, uni ichki bozorga olib kirish bo‘yicha loyihani amalga oshirayotganini yozgan edik. Loyiha doirasida go‘sht Hindistonda so‘yilib, xalqaro va halol sertifikatlar asosida tayyorlanadi hamda O‘zbekistonga eksport qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yo‘nalishda Hindistonning yirik go‘sht ishlab chiqaruvchi va halol mahsulot eksportchisi «Allana Group» bilan hamkorlik rejalashtirilgan. Mahsulotni Turkiyaning Mersin porti orqali yetkazib berish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid