«BYD» 183 mingdan ortiq avtomobilini qaytarib olmoqda
Kompaniyaning «Qin» va «Tang» seriyalariga kiruvchi avtomobillarda tormoz pedali bilan bog‘liq nuqson aniqlangan.

Xitoyning Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi («SAMR») «BYD» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 183 211 ta avtomobilni qaytarib olish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Bunga tormoz pedali mexanizmidagi detal bilan bog‘liq ishlab chiqarish nuqsoni sabab bo‘lgan.
Gap «Qin» va «Tang» seriyasidagi, 2014–2022 yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillar haqida ketmoqda. «BYD» nuqsonli detalni vakolatli dilerlar orqali bepul almashtirib berishini ma’lum qilgan.
Qaysi avtomobillar chaqirib olinmoqda?
Xitoy regulyatori e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qaytarib olish bir nechta guruhni qamrab oladi:
Model seriyasi | Ishlab chiqarilgan davr | Soni |
«Tang» seriyasi | 2015 yil 28-mart — 2018 yil 21-dekabr | 58 026 ta |
Yangi avlod «Tang DM» | 2018 yil 19-may — 2022 yil 14-yanvar | 77 846 ta |
Yangi avlod «Tang EV» | 2018 yil 27-dekabr — 2021 yil 25-oktabr | 7 023 ta |
«Qin» seriyasi | 2014 yil 27-iyun — 2019 yil 9-iyun | 40 316 ta |
Jami | 183 211 ta |
Rasmiy ma’lumotda qaytarib chaqirish faqat Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillarga taalluqli ekani ko‘rsatilgan.
Muammo aynan nimada?
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, gap tormoz pedalini cheklovchi detali haqida ketmoqda. Uning material partiyasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq notekislik aniqlangan.
Uzoq vaqt foydalanish natijasida ushbu detal yorilishi yoki buzilishi, eng og‘ir holatda esa o‘z joyidan tushib ketishi mumkin. Bunday vaziyatda tormoz pedali bosilmagan bo‘lsa ham, tormoz chiroqlari yonib qolishi kuzatiladi. Regulyator bu holat orqada harakatlanayotgan boshqa haydovchilarga noto‘g‘ri signal berishi va yo‘lda xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.
«BYD» qaytarib chaqirish doirasidagi avtomobillarda ushbu detalni takomillashtirilgan versiyaga tekin almashtirib berishini ma’lum qilgan. Ta’mirlash vakolatli dilerlar orqali amalga oshiriladi.
Ayrim avtomobillarda bu detal avvalroq yaxshilangan versiyaga almashtirilgan bo‘lishi mumkin. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, bunday transport vositalarini qayta almashtirish talab etilmaydi.
«BYD» avtomobil egalarini xat, telefon qo‘ng‘irog‘i va SMS orqali xabardor qilishini bildirgan. Shuningdek, mijozlar uchun maxsus ishonch telefoni ham ishga tushirilgan.
Bu xabar O‘zbekistondagi «BYD» avtomobillariga ham tegishlimi?
Hozirgi rasmiy qaytarib chaqirish e’lonida faqat Xitoyda ishlab chiqarilgan, aniq model va ishlab chiqarish sanasi bo‘yicha belgilangan avtomobillar ko‘rsatilgan.
Ochiq manbalardagi Xitoy e’lonlarida ushbu qaytarib olishning O‘zbekistonda sotilgan «BYD» avtomobillariga ham tatbiq etilishi haqida ma’lumot yo‘q.
Avtomobil egasi o‘z mashinasi qaytarib chaqirish ro‘yxatiga kirish-kirmasligini VIN raqami orqali Xitoyning rasmiy qaytarib chaqirish tizimida tekshirib ko‘rishi mumkin. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, 2014 yildan keyin ishlab chiqarilgan avtomobillarning qaytarib chaqirish ma’lumotlarini VIN orqali tekshirish imkoni mavjud.
Bu «BYD»ning birinchi yirik chaqiruvi emas
Kompaniya so‘nggi yillarda bir nechta yirik qaytarib olish jarayonlariga duch kelgan.
2025 yilning oktabr oyida «BYD» 115 783 ta avtomobilni qaytarib chaqirish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu jarayon 44 535 ta «Tang» hamda 71 248 ta «Yuan Pro» modellarini qamrab olgan. «Tang» avtomobillarida elektron qismlar dizayni bilan bog‘liq kamchilik, «Yuan Pro»da esa akkumulator korpusining germetikligi masalasida muammo aniqlangan edi.
O‘sha paytda «Reuters» agentligi buni «BYD» tarixidagi eng yirik chaqirib olish sifatida baholagan.
2024 yilda ham qariyb 97 mingta «BYD» qaytarib olingan
2024 yilning sentabr oyida «BYD» 96 714 ta «Dolphin» va «Yuan Plus» elektromobillarini chaqirib olshini bildirgan edi.
Xitoy regulyatori ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 87 762 tasi 2023 yilda ishlab chiqarilgan «Dolphin» va «Yuan Plus» modellari, qolgan 8 952 tasi esa 2022–2023 yillarda chiqarilgan «Yuan Plus» avtomobillari bo‘lgan. Muammo elektr boshqaruvli rul tizimi kontrollerini ishlab chiqarishdagi nuqson bilan bog‘liq bo‘lib, bu ayrim holatlarda qisqa tutashuv va qizib ketish xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgan.





