Logo

O‘zbekiston Naxchivondan Turkiyagacha temiryo‘l qurilishida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda

2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Naxchivondan Turkiyagacha temiryo‘l qurilishida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkonini beradigan Naxchivon temiryo‘lini qurishda ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston ishtirokida Kaspiy dengizidagi Aqtau, Turkmanboshi va Boku portlarida, shuningdek, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangan, hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilmoqda.

«O‘zbekistonning Gruziyadagi Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkonini beradigan Naxchivon temiryo‘lini qurishda ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.

2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Avvalo, aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolanib, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Urganch, Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi. Natijada aeroportlarning o‘tkazuvchanligi oshirilib, yo‘lovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.

Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Avgust oyida qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan Toshkent – Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start berildi. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi ilk pulli yo‘l ishga tushirildi.

Taqdimotda Toshkent – Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent – Andijon va Toshkent – Bo‘stonliq pulli yo‘llari bo‘yicha investorlarni aniqlash hamda amaliy ishlarni boshlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Temiryo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Maktaaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand va To‘qimachi – Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlarga 200 million dollar yo‘naltirish hisobiga uchastkalarning o‘tkazuvchanligini 25-30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l barpo etish, hududlardagi temiryo‘l tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari yuzasidan axborot berildi. Yuk vagonlari parkini yangilash, mazkur jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish takliflari ham muhokama qilindi.

Teglar

Mavzuga oid