Logo

Prezident Andijonga borib, xalqaro aeroportning rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi

Aerodrom majmuasini qayta ta’mirlash loyihasining umumiy qiymati 1,1 trln so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.

Prezident Andijonga borib, xalqaro aeroportning rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Anidjon viloyatiga tashrifini Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshladi.

Davlat rahbari bundan uch yil avval hududga tashrifi chog‘ida aeroportni modernizatsiya qilish bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi. O‘tgan yilgi tashrif davomida ham rekonstruksiya jarayonini shaxsan ko‘zdan kechirgan.

Aeroport 1978-yilda ishga tushirilib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 243,4 gektar bo‘lgan obyektda 100 xodim mehnat qiladi. Vaqt o‘tishi bilan havo bandargohini zamon talablariga moslashtirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish zarurati yuzaga keldi.

Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, qurilish sifati va obyektning uzoq muddat xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizilgan. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi o‘rnatilgan. Bu aeroportga tungi vaqtda va quyuq tuman sharoitida ham havo kemalarini xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham samolyotlar qo‘na oladi. Endilikda aeroport keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega.

Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Umumiy maydoni 19 ming 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi barpo etilmoqda. Ilgari aeroport soatiga 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi terminal ishga tushgach, bu ko‘rsatkich besh barobar oshadi. Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va aqlli xizmatlar joriy etiladi.

Davlat rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdimot qilindi. Prezident zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniyaning muntazam qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2 ming 500 tagacha oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yiliga 3,5 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident Andijonga borib, xalqaro aeroportning rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi | Vaqt.uz