
Davlat idoralarida ma’naviyat va til masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi
Davlat idoralarida ma’naviyat va til masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

Davlat idoralarida ma’naviyat va til masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (PQ–308-son, 20 oktyabr 2025 yil) qabul qilindi. Hujjatda davlat tilining nufuzini oshirish va uning qo‘llanilish doirasini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, uning sofligini asrash hamda lug‘at boyligini muntazam oshirib borish asosiy maqsad sifatida belgilandi. Shuningdek, davlat tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlash va xorijiy hamkorlikni kengaytirish vazifasi ham ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika miqyosidagi barcha davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar hokimliklarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Bu lavozim idoralarda til siyosati va ma’naviy muhitni takomillashtirishga mas’ul bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yildan boshlab qardosh tillarda ta’lim oluvchi maktablar uchun o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha yangi avlod darsliklari yaratiladi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi pedagoglar uchun maxsus o‘quv qo‘llanmalar tayyorlanadi.
Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun «Mening ilk izohli lug‘atcham» nomli rasmli kitob va zamonaviy animatsion hamda audio mahsulotlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar davlat tilini erta yoshdan o‘rgatish tizimini yangicha bosqichga ko‘tarishni ko‘zlaydi.





