Logo

«Do‘st niqobidagi josus»: Yahudiylar amerikaliklardan bir qadam oldinda yurishni istaydi

OAV xabarlariga ko‘ra, Isroil Erondagi urushni to‘xtatish muzokaralari bo‘yicha ko‘proq ma’lumot yig‘ishga kirishgan. Pentagon esa Isroildan kelayotgan josuslik xavfini eng yuqori darajaga ko‘targan.

«Do‘st niqobidagi josus»: Yahudiylar amerikaliklardan bir qadam oldinda yurishni istaydi © one.uz

Ommaviy axborot vositalarining Amerika razvedkasi va mudofaa rasmiylariga tayanib xabar berishicha, AQSH Mudofaa vazirligi Isroildan keladigan josuslik tahdidi darajasini eng yuqori — «kritik» (o‘ta xavfli) toifaga ko‘targan.

Dastlab 5-iyun kuni «NBC News» telekanali e’lon qilgan va keyinroq «The New York Times» nashri tomonidan ham tasdiqlangan ushbu xabar o‘ta nozik bir vaziyatda yuzaga chiqmoqda. Ayni paytda Vashington Eron bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. Uning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroil esa ushbu mojaroni tugatishga qaratilgan muzokaralarga keskin qarshi chiqyapti.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning urushga nisbatan yondashuvlari ochiqchasiga farq qilmoqda. Vashington siyosiy bosimlar ostida urushdan chiqib ketishni istayotgan bo‘lsa, Isroil hanuz Eron hukumatini ag‘darish harakatida.

Bu Isroilning o‘ziga eng yaqin ittifoqchi va homiy bo‘lgan, qolaversa, xavfsizlik hamda razvedka sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik qilib kelayotgan AQSHga qarshi josuslikda ayblanayotgan birinchi holati emas.

Tahlilchi Rob Geyst Pinfoldning fikricha, Eron vaziyatning bunday tus olishini, katta ehtimol bilan, «dushmanlarning shunchaki bir-biri bilan tortishishi va bir-biriga noto‘g‘ri baho berishi» sifatida qabul qiladi.

London Qirollik kolleji professori Geyst Pinfoldning ta’kidlashicha, Tehron buni o‘zi uchun foydali deb bilishi mumkin. Biroq ayni shu holat Eron uchun jiddiy xavf ham tug‘diradi.

«Bu Isroilning nazoratdan chiqib ketishga... va mohiyatan AQSH bilan kelishmagan holda, bir tomonlama harakat qilishga moyilligi yuqori ekanidan dalolat beradi», — deydi u.

Pentagon nima demoqda?

Ismi sir qolishini so‘ragan AQSHning amaldagi va sobiq rasmiylariga tayanib «NBC News» hamda «The New York Times» (NYT) nashrlarining xabar berishicha, Pentagonning Mudofaa razvedkasi agentligi (DIA) yaqinda Isroil tomonidan bo‘layotgan josuslik tahdidi darajasini «yuqori»dan «kritik» (o‘ta xavfli) darajaga ko‘targan. Bu agentlikning ichki baholash tizimidagi eng yuqori va jiddiy ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mazkur ogohlantirish Isroil razvedka xizmatlarining AQSH harbiylari, hukumat rasmiylari va siyosiy muhokamalar jarayoni bo‘yicha ma’lumot to‘plash harakatlarini keskin kuchaytirgani bilan bog‘liq.

Xabarlarga ko‘ra, asosiy xavotir Vashingtonning Eronga nisbatan siyosatini shakllantirishda ishtirok etayotgan amerikalik rasmiylarning kuzatuv ostiga olingani atrofida yuzaga kelgan. Zero, bu ikki ashaddiy raqib jahon bozorida energiya narxlarining keskin oshib ketishiga sabab bo‘lgan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

«Ayrim amerikalik mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning Eron bilan muzokaralardagi AQSH pozitsiyasini bilishga qaratilgan xatti-harakatlari chegaradan chiqib ketgan», — deb yozadi NYT.

Nashrning ta’kidlashicha, razvedka ma’lumotlari so‘nggi haftalarda Isroil tomonidan AQSHning harbiy va hukumat vakillariga nisbatan kuzatuv keskin kuchayganini ko‘rsatmoqda. Ular orasida Trampning maxsus vakili va asosiy muzokarachisi Stiv Uиткофф, Pentagonning siyosat bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Elbrij Kolbi va uning o‘rinbosarlaridan biri Maykl DiMino borligi aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Uиткофф 28-fevralda Isroil va AQSHning Eronga qilgan hujumidan oldingi yadroviy muzokaralarda bosh vakil bo‘lgan edi.

NYTning qo‘shimcha qilishicha, hisobotlarda Isroilda faoliyat yuritayotgan AQSH mudofaa xodimlari o‘z telefonlarida «muloqotlarni tinglash uchun yashirincha o‘rnatilgan» josuslik dasturlarini aniqlagani bilan bog‘liq holatlar ham qayd etilgan.

Gazetaning yozishicha, DIA hisobotlarida Isroilning AQSHga qarshi josuslik harakatlari (bunday holatlar avval ham kuzatilgan) 2024 yilning oxiridan boshlab keskin oshgani ko‘rsatilgan. Bu AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining G‘azodagi genotsid sababli Isroilga bosimni kuchaytirgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Josuslikning bunday faollashuvi Tramp 2024 yilning noyabrida ikkinchi muddatga saylanganidan va yangi ma’muriyatning Eronga nisbatan siyosati shakllantirila boshlanganidan keyin ham davom etgan.

O‘tgan haftada Tramp va Netanyaxu o‘rtasidagi keskinlik ochiq yuzaga chiqdi. Bunga AQSH prezidentining Isroil Livanda vaziyatni keskinlashtirayotgani tufayli Netanyaxu sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Isroilning Livandagi hujumlari oqibatida kamida 3500 kishi halok bo‘lgan.

Tramp Isroilni Livanga hujum qilishni to‘xtatishga undab kelmoqda, biroq janubdagi bombardimonlar hanuz davom etyapti. Bu esa Eron bilan tuzilishi kutilayotgan potensial kelishuvga putur yetkazmoqda, chunki Tehron bu ikki masalani bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, degan pozitsiyada qat’iy turibdi.

Garchi do‘st davlatlar o‘rtasida bir-biri haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plash g‘ayriodatiy holat bo‘lmasa-da, ba’zi AQSH rasmiylarining fikricha, Isroilning so‘nggi harakatlari Vashington tomonidan ittifoqchilar uchun maqbul deb bilingan an’anaviy chegaralardan o‘tib ketgan.

Hisobotlarda iqtibos keltirilgan rasmiylarga ko‘ra, AQSH razvedka idoralari Isroilning AQSHdagi siyosiy muhokamalar va muzokaralardagi pozitsiyalarni, xususan, Eron bilan bog‘liq rejalarni ipidan-ignasigacha bilishga intilayotganidan tobora ko‘proq xavotirga tushmoqda.

Isroil va AQSH hukumatlari bunga qanday munosabat bildirdi?

Isroil ushbu ayblovlarni rad etdi.

«NBC» telekanali xabariga ko‘ra, Isroilning Vashingtondagi elchixonasi mamlakat AQSH hukumati rasmiylari yoki Amerika idoralariga qarshi josuslik qilayotgani haqidagi da’volarni «mutlaqo yolg‘on» deb atagan.

«Isroil Amerika tashkilotlari haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plamaydi, AQSH hukumati rasmiylari haqida gapirmasa ham bo‘ladi», — deya elchixona vakilining so‘zlaridan iqtibos keltiradi «NBC».

Oq uy mulozimi ham «NBC» tarqatgan xabarni rad etib, «bu voqea boshdan oyoq uydirma ekanini va vaziyatdan umuman bexabar odam manba sifatida ko‘rsatilganini» ta’kidlagan.

Isroil avval ham AQSHga qarshi josuslik qilganmi?

Ha. Garchi ikki davlat o‘rtasidagi yaqin aloqalar sababli bunday hodisalar haqida ko‘p ham ochiq gapirilmasa-da, Isroil avval ham AQSHni nishonga olgan josuslik mojarolariga aralashib qolgan.

Bunga eng mashhur misol — Jonatan Pollard ishidir. AQSH Harbiy-dengiz kuchlarida fuqarolik razvedkasi tahlilchisi bo‘lib ishlagan bu shaxs 1985 yilda Isroilga katta miqdordagi maxfiy ma’lumotlarni topshirgandan so‘ng hibsga olingan edi. Keyinchalik u josuslik aybini tan olib, 30 yil qamoqda o‘tirdi va 2015 yildagina shartli ravishda ozod qilindi.

Pollard ishi AQSH-Isroil munosabatlari tarixidagi eng yirik josuslik mojarolaridan biri sifatida qolmoqda va hanuzgacha Amerika razvedka hamjamiyatining ayrim doiralarida Isroilga nisbatan qarashlarni shakllantirib kelmoqda.

Biroq, tadqiqotchi Andreas Krigning ta’kidlashicha, yaqin ittifoqchilar o‘rtasidagi josuslik hayratlanarli holat emas.

London Qirollik kollejining Xavfsizlik departamenti professori «Al Jazeera»ga bergan intervyusida aytishicha: «Isroil Qo‘shma Shtatlar ichkarisida razvedka operatsiyalarini o‘tkazish bo‘yicha uzoq tarixga ega».

«O‘nlab yillar davomida Isroil Amerikaning strategik fikrlashi va qaror qabul qilish jarayonlarini ichidan tushunish maqsadida ham rasmiy, ham norasmiy tarmoqlar (jumladan, razvedka va lobbichilik kanallari) orqali AQSHning siyosiy doiralariga kirib borishga harakat qilib keladi», — дейdi u.

Shunga qaramay, Vashington ko‘p yillardan beri Isroilga milliardlab dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish va qurol-yarog‘ sotishni davom ettirmoqda. Hatto G‘azoda davom etayotgan genotsid fonida ham bu jarayon to‘xtagani yo‘q.

Ayni paytda AQSH Kongressi yangi mudofaa qonuni loyihasini muhokama qilmoqda. Unga ko‘ra, ikki davlatning qurol-yarog‘ sohasidagi tadqiqot va ishlanmalari (R&D) misli ko‘rilmagan darajada birlashtiriladi. Bundan tashqari, AQSH BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda Isroilning asosiy diplomatik himoyachisi bo‘lib kelmoqda.

Nima uchun Isroil AQSHdagi josuslik harakatlarini kuchaytirgani aytilmoqda?

Tadqiqotchi Andreas Krigning fikricha, Isroil AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralardan «chuqur xavotirda».

«Isroil nuqtai nazaridan, Eron bilan yaqinda sodir bo‘lgan mojaro mohiyatan AQSH–Isroilning qo‘shma urushi edi. Biroq hozirda ushbu mojaroga diplomatik nuqta qo‘yish tashabbusi Qo‘shma Shtatlarning qo‘lida qolmoqda», — deydi u «Al Jazeera»ga.

«Isroilni tashvishga solayotgan asosiy jihat shuki, Vashington yillar, hatto o‘nlab yillar davomida amalda bo‘ladigan mustahkam diplomatik kelishuvga erishishi mumkin. Bu esa kelajakda Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlar qilish erkinligini cheklab qo‘yadi. Shu sababli, Isroil siyosatchilari AQSHning rejalaridan bir qadam oldinda yurish va muzokaralar jarayonini real vaqt rejimida kuzatib borishdan manfaatdor».

Bundan tashqari, Krigning ta’kidlashicha, Isroilning razvedka ma’lumotlarini to‘plashi o‘ziga xos «strategik maqsad»ga ham xizmat qiladi. Ya’ni, agar Isroil rahbariyati ushbu jarayonni o‘z xavfsizlik manfaatlariga zid deb topsa, darhol muzokaralarga ta’sir o‘tkazish, ularni izdan chiqarish yoki butunlay barbod qilish yo‘llarini izlaydi.

«Isroil AQSHni o‘zining almashtirib bo‘lmaydigan homiysi va eng yaqin strategik sherigi deb bilsa-da, manfaatlar to‘qnashgan har qanday vaziyatda Qo‘shma Shtatlarga o‘rinli razvedka nishoni sifatida qarab kelgan. Ko‘plab kuzatuvchilarni hayratda qoldiradigan jihat shundaki, Isroil Amerikaning harbiy, diplomatik va moliyaviy ko‘magiga qaram bo‘lishiga qaramay, AQSH siyosatini shakllantiruvchi ko‘plab qatlamlarga kirib borish va Amerika davlat boshqaruviga aloqador asosiy institutlarda o‘z ta’sirini o‘tkazish qobiliyatini rivojlantira olgan», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Tahlilchi va Eron bo‘yicha ekspert Negar Mortazavining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda Isroilning josuslik qilayotgani haqidagi xabarlar yangilik emas va bu borada avval ham o‘xshash holatlar kuzatilgan. Isroilning AQSH–Eron muzokaralariga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilishi Barak Obama prezidentligi davriga borib taqaladi. O‘shanda, 2015 yilda Eron bilan yadroviy bitim imzolangan, keyinchalik, 2018 yilda Tramp ma’muriyati davrida AQSH bu bitimdan chiqib ketgan edi.

«Isroil bosh vaziri Netanyaxu Tehron va Vashington o‘rtasida biron-bir kelishuvga erishilishini, jiddiy muzokaralar o‘tkazilishi yoki munosabatlar normallashishini hech qachon istamagan. U rasmiy va norasmiy kanallar orqali, qo‘lidan kelgan barcha vositalarni ishga solib, bu jarayonni to‘xtatishga urinib келган», — deydi u «Al Jazeera»ga.

Bundan tashqari, Mortazavining aytishicha, Eronga qarshi davom etayotgan urush «reja qilinganidek yoki va’da berilganidek kechmayapti». Shu sababli Tramp «bu urushdan chiqishni istamoqda va u buni faqat diplomatiya yo‘li bilan amalga oshirishga majbur».

«Hozirgi bosqichda AQSH va Isroil manfaatlari endi bir-birini to‘ldirmayotgani, aksincha, o‘zaro zid kelayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda», — deya xulosa qiladi ekspert.

Teglar

Mavzuga oid

«Do‘st niqobidagi josus»: Yahudiylar amerikaliklardan bir qadam oldinda yurishni istaydi | Vaqt.uz