
Gazeta so‘z erkinligiga daxl qilgani uchun Pentagonni sudga berdi
New York Times nashri Pentagon joriy etgan yangi qoidalarni so‘z erkinligini cheklash, jurnalistlarni esa manbalardan uzish deb, Konstitutsiyaga zid taomillar joriy etishda ayblab, sudga murojaat qildi.

New York Times nashri AQSH Mudofaa vazirligi — Pentagonni so‘z va matbuot erkinligiga zid qoidalar joriy etgani uchun sudga berdi. Gazetaning da’vo arizasida Pentagonning yangi boshqaruv qoidalari jurnalistlarning manbalarga chiqishini cheklayotgani, ularni majburan moslashuv arizasiga imzo qo‘yishga majburlayotgani hamda bu harakatlar AQSH Konstitutsiyasidagi Birinchi tuzatishga zid ekanini ta’kidladi.
NYT himoyachilari Pentagon haqida ma’lumot to‘plamoqchi bo‘lgan jurnalistlar endi manbalarga murojaat qilishdan oldin yangi tartibga majburiy tilxatga imzo qo‘yishi talab etilayotganini qayd etdi. Gazetaning bayonotiga ko‘ra, bu qoidalar urush vazirligining o‘z faoliyati yuzasidan javobgarlikdan qochish va ochiqlikni cheklashga qaratilgan harakatlaridir.
NYT rahbariyati Pentagon matbuotdan uzilmaslik siyosati yuritmayotgani, aksincha, tahlil, ochiqlik va javobgarlikka qarshi muhit yaratmoqda, deya tanqid qildi. Bayonotda: «Biz so‘z erkinligi va jamoatchilik manfaatini himoya qilishda doimo qat’iy turganmiz, bu safar ham bundan chekinmaymiz», — deya ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda Vashingtondagi akkreditatsiya masalalari borgan sari keskinlashib bormoqda. Avvalroq Oq uy AQSH prezidenti Donald Trampning matbuot anjumaniga Associated Press muxbiriga kirishni taqiqlagani uchun tanqid ostida qolgan edi. Pentagon esa shu yil boshida NBC News, New York Times, NPR va Politico kabi nashrlarni o‘z binosidagi doimiy ish joylarini bo‘shatishga majbur qilgan.
Oktyabr oyida esa Pentagonda akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlardan yangilangan boshqaruv qoidalariga imzo qo‘yish talab qilindi. Ushbu qoidalar ayrim jurnalistlar faoliyatini jiddiy cheklashi mumkinligi aytilmoqda.





