Logo

Germaniyada o‘ta o‘ng kuchlar natsistlar davridan buyon ilk bor saylovlarda tarixiy natijaga erishdi

Bugun 16:493 daqiqa

Partiya saylov ro‘yxatining yetakchisi 2014-yilda kansler Angela Merkelning siyosiy yo‘nalishiga rozi bo‘lmagani sababli Xristian-demokratik ittifoq safidan chiqarilgandi. Germaniya ommaviy axborot vositalari uni allaqachon mamlakatdagi «eng xavfli odam» deb atagan.

Germaniyada o‘ta o‘ng kuchlar natsistlar davridan buyon ilk bor saylovlarda tarixiy natijaga erishdi © Foto: CBS News

O‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasi 6-sentabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal yerida bo‘lib o‘tgan landtag — ya’ni yer parlamenti saylovlarida katta farq bilan g‘alaba qozondi.

2661 ta saylov uchastkasining barchasidan olingan natijalar hisoblab chiqildi. Hisob-kitoblar 7-sentabrga o‘tar kechasi yakunlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, AfD 43,8 foiz ovoz oldi.

Ikkinchi o‘rinni Xristian-demokratik ittifoq (SDU) egalladi. U 17,2 foiz ovoz to‘pladi. Uchinchi o‘rinda esa Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (SPD) bo‘lib, unga saylovchilarning 9,3 foizi ovoz berdi. Shuningdek, saylovlarda 5 foizlik to‘siqdan yana bir partiya — Sara Vagenknext ittifoqi (BCW) ham o‘ta oldi. Ushbu partiya 5,3 foiz ovoz oldi.

AfD saylov ro‘yxatining yetakchisi Ulrix Zigmund avvalroq saylov natijasini «tarixiy» deb atagan edi. Uning aytishicha, partiyasi «hozirgidan yaxshiroq siyosat yuritishni istaydigan» barcha siyosiy kuchlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Uning aytishicha, AfD’ning ayrim asosiy siyosiy qarashlari, jumladan immigratsiyani keskin qisqartirish masalasi muhokama qilinmaydi va bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmaydi.

«Gap faqat Saksoniya-Anhalt haqida ketmayapti. Bu butun Germaniya uchun berilgan signaldir, — deya ta’kidladi u.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SPD) 9,3 foiz ovoz olmoqda. «Die Welt» nashrining yozishicha, «Yashillar» partiyasi 8,9 foiz ovoz bilan Saksoniya-Anhalt landtagi saylovlarida o‘zining eng yaxshi natijasini ko‘rsatmoqda. «So‘lchilar» partiyasi esa 8,6 foiz ovoz olgan.

Erkin demokratik partiya (FDP) 2,6 foiz ovoz bilan 5 foizlik saylov to‘sig‘idan o‘ta olmadi va partiyaning mintaqaviy bo‘limi rahbari Lidiya Hyusken iste’foga chiqishini e’lon qildi. «Sara Vagenknext ittifoqi» (BSW) partiyasi esa Magdeburg shahrida landtagga ilk bor kirishga muvaffaq bo‘ldi — u 5,3 foiz ovoz oldi. Saylovchilarning 77,8 foizi ovoz berishda qatnashdi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 60,3 foiz edi. Nashrning ta’kidlashicha, bu Germaniya qayta birlashganidan beri Saksoniya-Anhaltda qayd etilgan eng yuqori saylovchilar faolligi hisoblanadi.

Federal yer bosh vaziri lavozimiga nomzod, AfD’ning landtagdagi fraksiyasi hamraisi Ulrix Zigmund ARD telekanali efirida shunday dedi:

«Biz xohlagan narsamizga erishdik. Biz bu federal yerda tarixga kirdik. Bizga siyosiy burilish kerak. Natija o‘zi hammasini aytib turibdi».

O‘tgan yili AfD landtagdagi fraksiyaning 35 yoshli hamraisi Ulrix Zigmundni federal yer bosh vaziri lavozimiga o‘z nomzodi sifatida tasdiqlagan edi. 2014-yilda u kansler Angela Merkelning siyosiy yo‘nalishiga rozi bo‘lmagani sababli Xristian-demokratik ittifoq safidan chiqdi. Germaniya ommaviy axborot vositalari, jumladan «Spikel» nashri, uni allaqachon «Germaniyadagi eng xavfli odam» deb atagan.

2023-yilda Saksoniya-Anhaltdagi AfD bo‘limi «o‘ta o‘ng ekstremistik birlashma» deb e’tirof etildi. Zigmund o‘sha yili Potsdam shahrida bo‘lib o‘tgan bahsli yopiq uchrashuvda qatnashgan. Ushbu uchrashuvda AfD vakillari ishtirokida «reemigratsiya» konsepsiyasi muhokama qilingan. Gap «assimilyatsiya qilinmagan fuqarolarni Shimoliy Afrikaga deportatsiya qilish» haqida borgan. Shundan keyin Germaniyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bundestagda esa AfDni taqiqlash masalasi bo‘yicha munozaralar yanada faollashdi. Saksoniya-Anhalt bosh vaziri va SDUdan nomzod Sven Shulse saylovdagi mag‘lubiyatdan keyin shunday dedi:

«Men har tomonlama yaxshiroq natijani ko‘rishni istardim».

U AfDni g‘alaba bilan tabrikladi va qo‘shimcha qildi:

«Biz, SDU sifatida, bu natija bilan hisoblashishimizga to‘g‘ri keladi. Biz bu yerda boshdan kechirganimizdek saylovoldi kampaniyasi hali hech qachon bo‘lmagan».

Biroq AfD mutlaq ko‘pchilikka ega bo‘la olmaydi: «Welt» nashrining yozishicha, partiya landtagdagi 83 ta o‘rindan 39 tasini oladi. SDU — 15 ta, SPD — 8 ta, «Yashillar» — 8 ta, «So‘lchilar» — 8 ta, «Sara Vagenknext ittifoqi» — 5 ta o‘ringa ega bo‘ladi.

«Siyosatda bizga ishonch kerak. Men siyosiy yo‘nalishni o‘zgartirishga intilayotgan barcha kuchlarga qo‘l uzataman», — dedi Zigmund.

Shu bilan birga, u «prinsiplardan chekinish» bo‘lmasligini ta’kidladi. Partiya migratsiya va ichki xavfsizlik kabi masalalarda hamkorlik qilishga tayyor. AfD rahbari Alise Vaydel ZDF telekanali efirida partiya saylovchilardan «aniq mandat» olganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AfD Saksoniya-Anhaltda qanday boshqarishi — ozchilik hukumatini qo‘llab-quvvatlash orqali yoki koalitsiya tarkibida — hali noma’lum.

«Buni hali ko‘rishimiz kerak», — dedi u.

Landtagning yangi tarkibi saylovlardan keyin 30-kundan kechiktirmay — 6-oktabr kuni — yig‘ilishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid