O‘zbekiston va Serbiya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Belgradda savdo, investitsiya, sanoat va mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlarni muhokama qildi.
© Foto: president.uzBelgradda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev Serbiya rahbariga qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidentining Belgradga ilk tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi.
Uchrashuvda siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va gumanitar almashinuvlar so‘nggi yillarda faollashgani qayd etildi. Kelgusida diplomatik vakolatxonalar ochish va parlamentlararo forum tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Savdo va sanoat tarqmoqlari
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Buning uchun talab yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berishni ko‘paytirish, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, standartlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish va qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston kelasi yili Belgradda o‘tkaziladigan «EXPO-2027» xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilyon bilan ishtirok etadi.
Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot hamda raqamli iqtisodiyotda yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarishda sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish uchun salohiyat borligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
Migratsiya bo‘yicha kelishuv
Hududlararo aloqalarni kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Samarqand viloyati va Voyevodina, shuningdek, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani qayd etildi.
Ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Madaniyat kunlari, kino, teatr va musiqa festivallarini birgalikda o‘tkazish, sport federatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Tartibli mehnat migratsiyasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Serbiya tomoni bu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan. Tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro masalalar, shuningdek, ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham muhokama qildi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, 2016–2025-yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 9 barobar oshib, 1,4 mln dollardan 12 mln dollarga yetdi. Shu davrda O‘zbekiston eksporti 3 barobar o‘sib, 0,9 mln dollar, import esa qariyb 10 barobar oshib, 11,1 mln dollarni tashkil etdi.
2025-yilda O‘zbekistonning Serbiyaga eksportida oziq-ovqat mahsulotlari 47,1 foiz bilan eng katta ulushni egalladi. Keyingi o‘rinlarda sanoat tovarlari — 23,8 foiz, kimyo mahsulotlari — 4,8 foiz, nooziq-ovqat xomashyosi — 2,4 foiz, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari — 1 foiz bo‘ldi. Xizmatlarning ulushi 20,8 foizni tashkil etdi.
Serbiyadan importda esa asosiy ulush mashina va transport uskunalari — 50 foiz hisobiga to‘g‘ri keldi. Kimyo mahsulotlari 20,1 foiz, sanoat tovarlari 16,8 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 4,8 foiz, turli tayyor mahsulotlar 4,2 foiz, nooziq-ovqat xomashyosi 1,5 foiz, xizmatlar esa 2,6 foiz ulushga ega bo‘ldi.
2026-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2016–2025-yillarda Serbiyadan O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi jami 2,2 mln dollarni tashkil etgan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 0,2 mln dollar bo‘lgan.





