Logo

Yangi dunyo xaritasi ma’qullandi

Bugun 20:204 daqiqa

Unda Afrikaning haqiqiy o‘lchami ko‘rsatilgan.

Yangi dunyo xaritasi ma’qullandi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun dunyo bo‘ylab an’anaviy Merkator xaritasidan rasman voz kechib, Afrika qit’asining haqiqiy o‘lchamini aniqroq aks ettiruvchi yangi xaritaga o‘tish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. 

BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tgan sessiyada XVI asrga oid Merkator proyeksiyasini rasman muomaladan chiqarishga qaror qilindi. Uning o‘rniga 2018 yilda yaratilgan va haqiqatga yaqinroq bo‘lgan «Equal Earth» (Teng Yer) dizaynidagi xarita ma’qullandi.

Sessiyada 164 ta davlat ushbu rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Faqatgina AQSH bunga qarshi chiqdi va uning vakili mazkur hujjatni «ortiqcha» deb baholadi. Oltita davlat esa betaraf qoldi.

«The Guardian» nashrining ta’kidlashicha, BMT rezolyutsiyalari majburiy yuridik kuchga ega emas. Shu sababli, davlatlar va tashkilotlardan yangi proyeksiyaga majburan o‘tish yoki eskisidan butunlay voz kechish talab qilinmaydi. Biroq Merkator xaritasi ta’lim, texnologiya va boshqaruv tizimlarida keng qo‘llanishini hisobga olinsa, mazkur qaror o‘quv dasturlari hamda kundalik texnologiyalarning yangilanishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Afrika Ittifoqi nomidan rezolyutsiyani ilgari surgan Togo vakillarining ta’kidlashicha, Merkator proyeksiyasi kabi nomutanosib kartografik tasvirlar odamlarning global tasavvurida Afrika va boshqa mintaqalar o‘lchamini sun’iy ravishda kichraytirib ko‘rsatgan. Bu esa uzoq yillar davomida ta’lim, madaniyat, geosiyosat va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan. Ushbu hujjat aynan mana shu tarixiy xatoni tan olish va to‘g‘irlashga qaratilgan.

«Bu siyosiy emas, balki ilmiy masaladir. Qo‘limizda aniq ilmiy dalillar bor, shuning uchun barchamiz haqiqatni tan olishimiz zarur», — dedi Togo tashqi ishlar vaziri Robert Dussey ovoz berish jarayonidan oldingi nutqida.

Ma’lumot o‘rnida, Merkator dizayni 1569 yilda flamand kartografi Jerar Merkator tomonidan dengizchilarga yo‘l topishda yordam berish maqsadida ishlab чиқилган edi. Oradan qariyb besh asr o‘tgan bo‘lsa-da, u hanuzgacha global standart sifatida ishlatilib kelmoqda.

Biroq ushbu proyeksiyaning o‘ziga xos kamchiligi bor: ekvatorga yaqin hududlar aslidan ancha kichik, qutblarga yaqin (yuqori kenglikdagi) hududlar esa o‘ta yirik ko‘rinadi. Masalan, an’anaviy xaritada Afrika va Grenlandiya bir xil kattalikda tasvirlangan. Vaholanki, real hayotda Afrika qit’asi Daniyaga qarashli ushbu oroldan 14 barobar katta.

«Change.org» saytida 11 mingdan ortiq imzo to‘plagan #CorrectTheMap (Xaritani tuzating) petitsiyasida shunday deyiladi:

«Afrikaнинг ichiga AQSH, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Meksika va Yevropaning katta qismini joylashtirish mumkin, hatto shunda ham bo‘sh joy ortib qoladi».

Afrika Ittifoqi 2025 yilning avgust oyida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va Togodan mazkur rezolyutsiyani qabul qilish jarayoniga boshchilik qilishni so‘radi.

Juma kungi ovoz berish jarayonidan oldin Fransiya tashqi ishlar vaziri rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqdi. Jan-Noel Barro Parijdagi Sorbonna universitetida so‘zlagan nutqida shunday dedi:

«Biz Merkator proyeksiyasidan voz kechib, haqiqiy maydonlarni aniqroq aks ettiradigan hamda kartograf va olimlarning tavsiyalariga to‘la mos keladigan yangi xaritalarga o‘tamiz».

Bu qadam Fransiyaning sobiq mustamlakalari orasidagi nufuzini va o‘ziga nisbatan xayrixohlikni oshirishga qaratilgan harakatlarning bir qismi sifatida baholanmoqda. Endilikda Fransiya rezolyutsiyada tavsiya etilgan «Equal Earth» dizayniga yaqin bo‘lgan «Eckert IV» proyeksiyasidan foydalanadi.

Tarixchilar va geograflar ko‘p yillardan buyon Merkator proyeksiyasi G‘arb stereotiplariga asoslanganini ta’kidlab keladi. Faollar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, hatto «kartografik mustamlakachilik» degan atamani ham qo‘llay boshlagan.

Ayrimlarning fikricha, bu xarita Global Janubning real ko‘lamini kichraytirib ko‘rsatish, ekvator mintaqalarini toraytirish va Shimoliy yarimshar davlatlarini vizual kattalashtirish orqali xalqaro kuchlar muvozanatiga zimdan ta’sir o‘tkazgan. Bu holat, o‘z navbatida, xalqaro savdo, taraqqiyot ustuvorliklari va ta’lim tizimlaridagi noxolislikni yanada kuchaytirgani aytiladi.

Merkator proyeksiyasining eng ko‘zga ko‘ringan tanqidchilaridan biri nemis tarixchisi Arno Peters edi. U 1973 yilda Gall-Peters proyeksiyasiga asoslangan o‘z dunyo xaritasini ommaga taqdim etgan va undan ko‘pincha Merkator xaritasiga muqobil sifatida foydalanib kelingan.

Togoning #CorrectTheMap kampaniyasi xalqaro kartograflar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan 2018 yilgi «Equal Earth» dizaynidan foydalanishni targ‘ib qildi. Tashabbus tarafdorlarining ta’kidlashicha, bu Afrika haqidagi tasavvurlarni to‘g‘rilashga va global o‘quv dasturlarini mustamlakachilik sarqitlaridan tozalashga katta yordam beradi.

Ayrim tahlilchilar ham bu fikrga qo‘shiladi. Geosiyosiy xavf-xatarlar bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Londondagi «JS Held» firmasining katta ilmiy xodimi J.J. Enoxning ta’kidlashicha, Merkator proyeksiyasi Afrikaning haqiqiy o‘lchamini vizual jihatdan kichraytirib ko‘rsatgan. U mazkur kampaniyani Afrika davlatlarining global institutlardagi nufuzini oshirish va qit’aning dunyoda qanday tasvirlanishini o‘z nazoratiga olish intilishi bilan bog‘ladi.

«Maydonlar teng tasvirlangan xaritaning qabul qilinishi ta’lim va jamoatchilik dunyoqarashi uchun aniqroq asos yaratadi. Qolaversa, bu qadam Afrikaning demografik, iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyatiga bundan buyon eskirgan va buzib ko‘rsatilgan yondashuvlar orqali qaramaslik kerakligini anglatadi», — dedi u.

Togo hukumati kelasi yilning birinchi choragida mamlakat poytaxti Lomeda YUNESKO, Afrika Ittifoqi hamda «Google Maps» kabi texnologik brendlar ishtirokida mazkur rezolyutsiya ijrosiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid