Ipoteka subsidiyalaridan foydalanish bo‘yicha qaysi viloyatlar yetakchilik qilmoqda?
2026-yilda 12 mingdan ortiq fuqaroga 1,1 trln so‘mdan ortiq subsidiya to‘langan.

O‘zbekistonda 2026-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha 12 355 nafar fuqaroga 1,1 trillion so‘mdan ortiq subsidiya to‘lab berildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
To‘langan subsidiya mablag‘larining 367 milliard so‘mi uy-joy uchun dastlabki badal yoki uning bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan. Eng katta mablag‘ — 774,1 milliard so‘m avvalgi yillarda ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini qoplash uchun berilgan. Bundan tashqari, maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha 19,4 milliard so‘mlik subsidiya ajratilgan.
Qaysi hududlarga eng ko‘p subsidiya ajratilgan?
Subsidiyadan foydalanish bo‘yicha hududlar kesimida Andijon viloyati yetakchilik qilgan. Viloyatda 1 472 nafar fuqaroga dastlabki badal uchun 43,8 milliard so‘m ajratilgan.
Keyingi o‘rinlarda esa Farg‘ona viloyati — 1 410 kishiga 41,9 milliard so‘m, Namangan viloyati — 1 406 kishiga 41,6 milliard so‘m subsidiya berilgan.
Reytingda uchinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyati egallagan. Hududda 1 260 nafar fuqaro ipoteka subsidiyasidan foydalangan va ularga 37,5 milliard so‘m ajratilgan.
Toshkent shahri subsidiyadan foydalanish bo‘yicha hududlar orasida eng so‘nggi o‘rinda. Poytaxtda 389 nafar fuqaroga 11,6 milliard so‘m ajratilgan.

Banklar kesimida
Banklar kesimida ajratilgan subsidiyali ipoteka kreditlarining eng ko‘p ulushi Agrobank hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Ipotekabank va Xalq banki joy olgan.

Ma’lumot uchun, subsidiya — bu davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun jismoniy yoki yuridik shaxslarga ajratiladigan, qaytarib berish talab etilmaydigan moliyaviy yordamdir. 2026 yil davomida aholiga 2,7 trln so‘mlik subsidiya berish reja qilingan. Avvalroq Vaqt.uz uy-joy uchun subsidiya olish tartibi, kimlarga va qay tarzda berilishi haqida ma’lumot bergandi.
Eslatib o‘tamiz, ipoteka subsidiyasi uchun arizalarni qabul qilish 2026-yil 16-martda boshlangan. 27-iyulda esa ipoteka subsidiyasi bo‘yicha foydalanilmagan xabarnomalar yuzasidan arizalar qayta qabul qilingan.





