
Klintonlar Epshteyn ishi bo‘yicha ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi
AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Epshteyn ishi bo‘yicha Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi oldida ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi. Bu qaror ularning sudga kelmaslik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi tahdidi fonida qabul qilindi.

AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Kongressda Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha ko‘rsatma berishga rozilik berdi. Bu haqda bir-biridan mustaqil ravishda «CNN» telekanali va «The New York Times» gazetasi kecha, 2-fevral kuni kechqurun xabar berdi.
Qayd etilishicha, Klintonlar uzoq vaqt davomida bunga rozi bo‘lmagan va Vakillar palatasi ularni sudga kelmaslik uchun jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ovozga qo‘yishi arafasidagina bu qadamni tashlagan. Kongressda ko‘rsatma berishni, xususan, Vakillar palatasining Nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasi raisi, respublikachi Jeyms Komer talab qilgan. Uning talablarini Demokratik partiyaning qator vakillari ham qo‘llab-quvvatlagan.
«The New York Times» ta’kidlashicha, «bu qo‘mita raisi bo‘lgan respublikachi uchun yutuq bo‘ldi: u Epshteyn ishi bo‘yicha o‘zi olib borayotgan tergovda e’tiborni AQSH prezidenti Donald Trampning Epshteyn bilan aloqalari va uning ma’muriyati bu ishni qanday olib borayotganidan bir paytlar sharmanda bo‘lgan moliyachi va uning yordamchisi Gisleyn Maksvell bilan bog‘liq bo‘lgan mashhur demokratlarga qaratmoqchi».
Klintonlar esa avvalroq Epshteyn ishi bo‘yicha o‘zlarida mavjud bo‘lgan cheklangan ma’lumotlarni allaqachon taqdim etganini bildirib, Kongressda ko‘rsatma berish talabi siyosiy sabablarga ega ekanini aytgan edi.
Bill Klintonning Jeffri Epshteyn bilan tanishligi
Amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn 2019 yil iyul oyida voyaga yetmaganlarni fohishalikka majburlashda ayblanib, hibsga olingan va o‘sha yil avgust oyida qamoqxona kamerasida osilgan holda topilgan.
Bill Klinton Epshteynni tanishini inkor etmaydi, biroq uning jinoyatlari haqida hech narsa bilmaganini, hech qachon Epshteynning xususiy oroliga bormaganini va taxminan 20 yil avval u bilan aloqalarni uzganini ta’kidlaydi. Parvoz hujjatlari esa 2002–2003 yillarda Klinton Epshteynning xususiy samolyotida to‘rt marta xalqaro parvoz qilganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, Klinton va Epshteynning birga tushgan suratlari ham mavjud, ammo ular 1990 yillar oxiri – 2000 yillar boshiga taalluqli bo‘lib, o‘sha paytda moliyachining jinoyatlari jamoatchilikka hali ma’lum emas edi.
Avvalroq e’lon qilingan Epshteyn ishi bo‘yicha materiallar bir qator mashhur shaxslar, jumladan, Britaniya shahzodasi Endryu bilan bog‘liq aloqalarni ham ochib bergan. Bu ish oqibatida u qirollik unvonidan mahrum etilgan.
AQSH Adliya vazirligi tomonidan 30-yanvar kuni voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn ishiga doir 3 milliondan ortiq hujjatni ochiqladi. Ushbu ulkan to‘plamda siyosatchilar, biznesmenlar, Hollivud yulduzlari va oddiy fuqarolarning ismlari tilga olinadi. Hujjatlarda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan bog‘liq bir qator yozishmalar ham mavjud.





