Logo

«Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 6,5 foizdan ortiq o‘sadi» — Yevroosiyo taraqqiyot banki

Kecha 12:404 daqiqa

Energiya resurslarini eksport qiluvchi Qozog‘iston yuqori neft narxlari hisobiga qo‘shimcha daromad oladi. Biroq energiya import qiluvchi mamlakatlarda yoqilg‘i, oziq-ovqat va transport xarajatlari oshishi oqibatida inflatsiya kuchayishi mumkin.

«Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 6,5 foizdan ortiq o‘sadi» — Yevroosiyo taraqqiyot banki © shutterstock.com

2026-yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 6,5 foizdan ortiq o‘sadi va mintaqa yalpi ichki mahsuloti (YIM) tarixda ilk bor 600 milliard dollardan oshadi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot bankining 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozida so‘z boradi.

Bank prognoziga ko‘ra, a’zo davlatlar orasida eng yuqori iqtisodiy o‘sish Qirg‘izistonda kuzatiladi — 10,2 foiz. Undan keyin Tojikiston (8,3 foiz) va O‘zbekiston (7,9 foiz) joylashgan. Armaniston iqtisodiyoti 6 foizga, Qozog‘istonniki esa 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazidagi mojaro jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan. Neft va gaz narxlarining oshishi, logistikadagi muammolar va biznes faolligining pasayishi tufayli 2026-yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2,5 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bu pandemiya yili bo‘lgan 2020-yilni hisobga olmaganda, so‘nggi 15 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.

YTB tahlil ishlari direksiyasi rahbari Aleksey Kuznetsovning aytishicha, ushbu vaziyat mintaqa davlatlariga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Energiya resurslarini eksport qiluvchi Rossiya va Qozog‘iston yuqori neft narxlari hisobiga qo‘shimcha daromad oladi. Biroq energiya import qiluvchi mamlakatlarda yoqilg‘i, oziq-ovqat va transport xarajatlari oshishi oqibatida inflatsiya kuchayishi mumkin.

Shunga qaramay, bank Markaziy Osiyo iqtisodiyoti tashqi xavflarga nisbatan barqarorligini saqlab qolishini ta’kidlamoqda. Mutaxassislar fikricha, mintaqa jahondagi eng tez rivojlanayotgan hududlardan biri bo‘lib qoladi va investorlar uchun yanada jozibador bozorga aylanadi.

photo_2026-07-31_12-08-09


Qozog‘iston

YTB prognoziga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yilda 5,5 foizga o‘sadi. Bu ko‘rsatkich xalqaro moliya tashkilotlari va ayrim davlat idoralari prognozlaridan yuqori.

Bank tahlilchisi Aygul Berdigulovaning ta’kidlashicha, o‘sishga sanoat siyosati, yangi ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi va avval rejalashtirilgan sanoat loyihalarining yakunlanishi turtki beradi. Shuningdek, umumiy qiymati 1,7 trillion tenge (3,4 milliard dollar) bo‘lgan qariyb 200 ta investitsiya loyihasi va milliy infratuzilma dasturi ham iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.

Yuqori neft narxlari eksport daromadlarini oshiradi. Inflatsiya 2026-yilda 9,7 foizgacha pasayishi kutilmoqda, ammo u Markaziy bank belgilagan maqsadli darajadan yuqori bo‘lib qoladi. Qat’iy pul-kredit siyosati, tengening nisbatan barqarorligi va davlatning narxlarni cheklash choralari inflatsiyani pasaytirishga yordam beradi.

Bank hisob-kitobiga ko‘ra, Qozog‘istonda bazaviy foiz stavkasi 2026-yil oxiriga borib 16 foizga, 2027-yil oxirida esa 12 foizgacha tushadi. Milliy valuta kursi esa 2026-yil oxiriga borib 1 AQSH dollari uchun taxminan 500 tengeni tashkil etadi.

Qirg‘iziston

Qirg‘iziston 2026-yilda ham Markaziy Osiyodagi eng tez o‘sadigan iqtisodiyot bo‘lib qolishi kutilmoqda. Mamlakatda YIM 10,2 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

Bu o‘sishga davlat investitsiya dasturi asosiy omil bo‘ladi. 2025-yilda Qirg‘iziston suveren moliyalashtirish orqali 980 million dollar jalb qildi. Bu so‘nggi 12 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ushbu mablag‘lar uzoq muddatli infratuzilma loyihalariga yo‘naltiriladi. Hukumat 2030-yilgacha energetika, turizm, sanoat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida qariyb 200 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.

Inflatsiya 2026-yilda 11,5 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Bunga jahonda xomashyo narxlarining qimmatlashi, davlat sektorida ish haqining oshishi, aksiz solig‘i va kommunal tariflarning ko‘tarilishi sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, som kursining barqarorligi va qat’iy pul-kredit siyosati tufayli inflatsiya 2028-yil oxiriga borib 7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Asosiy foiz stavkasi prognoz davrida 12 foiz darajasida saqlanib qoladi.

Tojikiston

YTB prognoziga ko‘ra, Tojikiston iqtisodiyoti 2026-yilda 8,3 foizga o‘sadi.

Bank buni ichki iste’molning o‘sishi, investitsiyalar hajmining ko‘payishi va Rossiya rublining mustahkamlanishi hisobiga pul o‘tkazmalari oqimining ortishi bilan izohlaydi.

Hukumatning investitsiya siyosati, ayniqsa energetika sohasidagi yirik loyihalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. «Rog‘un» va «Norak» gidroelektrstansiyalari mamlakatning asosiy ustuvor loyihalari bo‘lib qolmoqda.

Oltin va rangli metallar narxining yuqori bo‘lishi eksport daromadlarini oshiradi. Inflatsiya 2026-yilda 4,7 foizni tashkil qilishi, keyingi yillarda esa 5 foiz atrofida barqaror saqlanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston

YTB hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilda ham mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qoladi. Mamlakat iqtisodiyoti 7,9 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

Bu pandemiyadan keyingi 2021-yilni hisobga olmaganda, so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘ladi.

Iqtisodiyotning o‘sishiga asosan asosiy kapitalga kiritilayotgan investitsiyalar hissa qo‘shadi. Bu sanoat, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarining rivojlanishiga turtki beradi.

Shuningdek, davlat budjeti siyosati ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Oltin narxining yuqori bo‘lishi eksport daromadlarini oshiradi, ish haqi va xorijdan keladigan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi esa aholi iste’molini rag‘batlantiradi.

YTB ma’lumotiga ko‘ra, nisbatan qat’iy pul-kredit siyosati va milliy valuta mustahkamlanishi hisobidan inflatsiya bosqichma-bosqich pasayadi. Biroq ichki talabning yuqoriligi hamda jahonda xomashyo narxlarining oshishi qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida xarajatlarni yuqori darajada ushlab turadi. Shu bilan birga, bank prognoziga ko‘ra, 2026–2028-yillarda inflatsiya O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oltin narxi oshishi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi va ushbu davlatlarning qarzi bo‘yicha yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid