Logo

Markaziy Osiyoda xorijiy sayyohlar xarajatlari 26 foizdan ortiqqa oshdi

Kecha 14:432 daqiqa

Mintaqa jahonda eng tez rivojlanayotgan turistik yo‘nalishlardan biriga aylanib, xalqaro turizm bozoridagi mavqeini yanada mustahkamladi. Turizmning mintaqa yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga oshdi.

Markaziy Osiyoda xorijiy sayyohlar xarajatlari 26 foizdan ortiqqa oshdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo jahon turizm bozorida o‘z o‘rnini sezilarli darajada kuchaytirdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mintaqa turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi, bandlik, investitsiyalar va xorijiy sayyohlar xarajatlari kabi bir qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etdi. Bu haqda «Ranking.kz» xabar berdi.

So‘nggi o‘n yil ichida pandemiya, geosiyosiy mojarolar, sanksiyalar va iqtisodiy inqirozlar tufayli jahon turizm bozorida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu omillar sayohat yo‘nalishlari va turistlarning tanloviga ham ta’sir qildi. Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar bu vaziyatdan foydalanib, turizm sohasini modernizatsiya qilishga kirishdi. Davlatlar turizm infratuzilmasini rivojlantirish, transport qatnovini yaxshilash, yangi turistik obyektlar qurish va xizmatlar sifatini oshirishga katta mablag‘ sarfladi. Natijada xalqaro turistlar va ularning xarajatlarini jalb qilish bo‘yicha raqobat yanada kuchaydi.

Bu jarayonda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ham turizm sohasini faol rivojlantirdi. Mintaqa turizmga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmini oshirdi, infratuzilmani kengaytirdi va o‘zining turistik imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targ‘ib qildi.

Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo turizm sohasining bir qator asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egalladi. Xususan, turizmning mintaqa yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga oshdi. Solishtirish uchun, Shimoli-Sharqiy Osiyoda bu ko‘rsatkich 8,7 foiz, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 7,6 foizni tashkil qildi.

Mintaqa turizm sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham yetakchilik qildi. Bir yil ichida sohadagi bandlik 9,5 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada 4,8 foiz, Shimoliy Afrikada esa 4,6 foiz bo‘lgan.Eng katta o‘sish xorijiy sayyohlar xarajatlari bo‘yicha qayd etildi. 2025-yilda Markaziy Osiyoga kelgan chet ellik sayyohlar sarflagan mablag‘lar 26,4 foizga ko‘paydi. Taqqoslash uchun, Shimoli-Sharqiy Osiyoda bu ko‘rsatkich 10,6 foiz, Okeaniya davlatlarida esa 8,3 foizga o‘sgan.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo turizm sohasiga kiritilgan investitsiyalar o‘sishi bo‘yicha ham jahon yetakchilari qatoridan joy oldi. Bir yil ichida sohaga kiritilgan sarmoyalar hajmi 12,4 foizga oshdi.

Mutaxassislar fikricha, bu natijalar turizm sohasi nafaqat global inqirozlardan keyin tiklanganini, balki Markaziy Osiyo jahon turizm bozorida istiqbolli mintaqalardan biriga aylanayotganini ham ko‘rsatadi. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z raqobatbardoshligini oshirib, tobora ko‘proq xorijiy sayyohlarni jalb etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarim yilligida 3,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga turistik safar qildi.

Teglar

Mavzuga oid