
O‘zbekiston va Xitoy geologiya sohasida 5 mlrd dollarlik kelishuvga erishdi
03.09.2025 | 15:4533763
O‘zbekiston va Xitoy qiymati taxminan 5 mlrd dollarga teng 13 ta yangi geologiya loyihasini amalga oshirishga kelishib oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pekinga rasmiy tashrifi chog‘ida Si Jinping bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki davlat rahbarlari savdo hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish maqsadini belgiladi. Bu ko‘proq sanoat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlari yetkazib berish hisobiga amalga oshiriladi.
O‘zbekiston geologiya va konchilik sanoati vaziri Bobir Islomov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha , yangi kelishuvlar energetik xomashyo — ko‘mir va uran qazib olish hamda qayta ishlash, shuningdek, muhim minerallarni o‘zlashtirish sohalarini qamrab oladi. Uning aytishicha, prezident tashrifi ikki tomonlama hamkorlikda yangi yo‘nalishlar ochishi mumkin.
Shuningdek, Mirziyoyev Xitoyning China National Nuclear Corporation (CNNC) rahbari Shen Yanfen bilan uchrashib, O‘zbekistonda uran koni va geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar transferi hamda «tinch atom» sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentyabrda Mingeologiya, «Navoiyuran» va CNUC (CNNC tarkibida) uch tomonlama kelishuv imzolagandi. Unga ko‘ra, Xitoy mutaxassislari O‘zbekistonning istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda yordam berishi belgilangan edi.





