
O‘zbekiston Vengriyaning uchta farmkompaniyasi bilan dori ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda
27.05.2025 | 14:0841363
«Gedeon Richter», «Egis» va «Meditop» kompaniyalari O‘zbekistonda shartnoma asosida dori vositalarini ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik doirasida katta hajmdagi sarmoya va texnologiyalar jalb etiladi.

O‘zbekiston Vengriyaning yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda dori vositalarini shartnoma asosida ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Azizovning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyaning farmatsevtika sohasidagi yetakchi korxonalaridan biri — «Gedeon Richter» kompaniyasi O‘zbekistonda 36 million dollarlik dori vositalarini yetkazib bermoqda. Birinchi bosqichda beshta dori vositasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, kelgusida yangi turdagi preparatlar ham joriy etilishi mumkin.
Yana bir kompaniya — «Egis Pharmaceuticals» bilan ham pudrat ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Korxona ayni paytda O‘zbekistonga 30 dan ortiq dori turlarini, taxminan 6−7 million dollarlik hajmda eksport qilmoqda.
«Meditop Pharmaceutical» bilan esa bir yil davomida muzokaralar olib borilgan. Kompaniya 16 ta dori vositasini respublikada ro‘yxatdan o‘tkazib, mahalliylashtirish loyihasini tayyorlamoqda. Agar mahsulotlarga talab yuqori bo‘lsa, «Meditop Tashkent Pharma Park» klasterida ishlab chiqarishni boshlashi mumkin.
Ma’lumot uchun, «Meditop» kompaniyasi 2023 yil avgust oyida Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida zavod qurish niyatida ekanini bildirgan, investitsiya hajmi 20−50 million dollar atrofida baholanmoqda.





