
O‘zbekistonliklar uchun Koreyada mavsumiy ish dasturi qayta tiklanadi
26.09.2025 | 18:006843
O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyada mavsumiy mehnat ishlarida (Ye-8) ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreya adliya vaziri o‘rinbosari, Koreya immigratsiya xizmati komissari Kim Jong Do bilan uchrashuv o‘tkazdi.Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy himoyasi, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, malakalarni tan olish, noqonuniy migratsiyani kamaytirish hamda odam savdosi va jinoyatchilikka qarshi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston fuqarolarini Koreyada mavsumiy mehnat ishlarida (E-8) ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, mehnat migrantlari uchun sharoitlar yaratish va hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida muntazam videokonferensaloqa o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zbekistonliklar Koreyaga mavsumiy ishlarga yuborilishi may oyida aytilgan edi. Agarda o‘zbekistonlik ishchilar Koreyaning mehnat qonunchiligini buzmasa, nolegal faoliyatga o‘tmasa, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasa, Koreya tomoni hamyurtlar uchun har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirgan edi.





