Logo

Prezident 17 nafar hokim lavozimga loyiqligini qayta baholashni topshirdi

Olti oy yakunlari bo‘yicha ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi hamda eksport ko‘rsatkichlari pasaygan. Shu munosabat bilan Bosh vazirga mazkur 17 nafar tuman va shahar hokimining lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident 17 nafar hokim lavozimga loyiqligini qayta baholashni topshirdi © prezident.uz

21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik yakunlari hamda yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda olti oy yakunlari bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida sanoat rejasini bajarmagan 13 ta tuman hokimi hamda eksport hajmini kamaytirgan 15 ta tuman hokimi intizomiy jazoga tortilgan edi. Ko‘pchilik hokimlar bundan tegishli xulosa chiqarib, olti oylik prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlagan.

Shunga qaramay, ayrim hududlarda sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’ati pasaygani qayd etildi.

Xususan, Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7 foiz o‘rniga atigi 1,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, G‘ozg‘on shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham sanoat o‘sish sur’ati pasaygani tanqid qilindi.

Eksport yo‘nalishida ham qator hududlarda natijalar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemir tumanlarida eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha ishlar sust ketayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Bosh vazirga mazkur 17 nafar tuman va shahar hokimining lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek, to‘qqiz oy yakuniga qadar ushbu hududlarda ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, viloyat hokimlarining tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid