Logo

Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqmoqchi

Kecha 14:153 daqiqa

So‘nggi yillarda Moskva har ikki mamlakatga qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, zirhli texnika va boshqa turdagi qurol-yarog‘lar yetkazib bergan.

Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqmoqchi © TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan amaldagi harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni topshirdi. Tegishli farmoyishlar Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Hujjatlarga ko‘ra, davlat rahbari Rossiya hukumatining ikki mamlakat bilan amaldagi shartnomalarga o‘zgartirish kirituvchi protokollarni imzolash bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi taklifini ma’qullagan. Hozircha muzokaralar qachon boshlanishi va amaldagi kelishuvlarga aynan qanday o‘zgartirishlar kiritilishi haqida Rossiya tomonidan ma’lumot berilmagan.

Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2013-yil 24-dekabrda imzolangan bo‘lib, 2015-yilda ratifikatsiya qilingach kuchga kirgan. O‘zbekiston bilan shunga o‘xshash hujjat esa 2016-yil 29-noyabrda imzolangan. Mazkur kelishuvlar harbiy sohadagi hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilaydi. Ular qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni yetkazib berish, harbiy maqsaddagi mahsulotlarni topshirish, qurollarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, texnologiyalar hamda texnik hujjatlar almashinuvi, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek harbiy mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashishni nazarda tutadi.

Qozog‘iston qanday qurol-yarog‘ olgan?

So‘nggi yillarda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda Rossiya harbiy texnikasining eng yirik xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xususan, mamlakat Harbiy-havo kuchlari tarkibiga 20 ta Su-30SM ko‘p maqsadli qiruvchi samolyoti qabul qilingan. Bu samolyotlar havoda ustunlikni ta’minlash, yerdagi va dengizdagi nishonlarga zarba berish, shuningdek razvedka vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Mi-171Sh harbiy-transport vertolyotlari, Mi-35M zarba beruvchi vertolyotlari, «Buk-M2E» zenit-raketa majmualari, BTR-80 va BTR-82A bronetransportyorlarini ham xarid qilgan. Alohida e’tibor havo hujumidan mudofaaning yagona tizimini rivojlantirish dasturiga qaratilgan. 2015-yilda Rossiya Qozog‘istonga bepul ravishda S-300PS zenit-raketa tizimining beshta divizionini topshirgan. Bu mamlakatning havo hududini himoya qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirgan.

O‘zbekiston armiyasi nimalarni olgan?

Moskva va Toshkent o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik ham 2016-yilgi kelishuv imzolangandan keyin sezilarli darajada faollashgan. 2017–2019-yillarda O‘zbekiston Rossiyadan 12 ta Mi-35M zarba beruvchi vertolyotini qabul qildi. Ushbu yetkazib berish Rossiya davlat eksport krediti hisobidan amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Rossiya ishtirokida O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi qariyb 30 ta MiG-29 qiruvchi samolyoti modernizatsiya qilingan. Shuningdek, tomonlar Su-30SM ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlari, havo makonini nazorat qilishga mo‘ljallangan «Sopka-2» radiolokatsiya majmuasi hamda «Pechora-2M» zenit-raketa majmualarini modernizatsiya qilish uchun uskunalar yetkazib berish kabi yangi loyihalarni ham muhokama qilgan.

Hamkorlikning turli modellari

Rossiyaning ikki mamlakat bilan harbiy-texnik hamkorligi turli modellar asosida amalga oshiriladi.
Qozog‘iston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) a’zosi hisoblanadi. Shu bois ikki tomonlama hamkorlik jamoaviy mudofaa mexanizmlari, qo‘shma harbiy rejalashtirish, harbiy mashg‘ulotlar va yagona havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish bilan to‘ldiriladi.
O‘zbekiston KXSHT a’zosi emas. Biroq Moskva va Toshkent o‘rtasida Harbiy-havo kuchlari hamda havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarini qo‘shma qo‘llash bo‘yicha alohida kelishuv amal qiladi.

Harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari so‘nggi yuqori darajadagi uchrashuvlarda ham muhokama qilingan. Xususan, bu mavzu Vladimir Putinning 2026 yil may oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi, shuningdek 2024 yil may oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida ham ko‘tarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin urush boshlanganidan beri armiya sonini oltinchi marta oshirgandi. 2026-yil 1-avgustdan Rossiya armiyasidagi harbiy xizmatchilar soni 1 million 535 ming nafarga yetkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid