
«Shimoliy oqim–2» endi hech qachon ishga tushirilmaydi — Fridrix Mers
29.05.2025 | 09:0030673
Germaniya kansleri mamlakat «Shimoliy oqim–2» gaz quvurini qayta ishga tushirish imkoniyatini butunlay yo‘q qilish uchun barcha choralarni ko‘radi, deb bayonot berdi. Unga ko‘ra, Germaniya o‘zini Rossiya gazisiz ham ta’minlash imkoniga ega.

«Men bu gapni Germaniya nomidan aytyapman. Biz «Shimoliy oqim–2» quvuri qayta faoliyatga qaytmasligi uchun barcha harakatlarni amalga oshiramiz», — dedi Mers o‘z chiqishida.
Fridrix Mers avvalroq, 23 may kuni, Yevropa Ittifoqining «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim–2» gaz quvurlarini butunlay ekspluatatsiyadan chiqarish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlagan edi. U bu chora Rossiya va AQSH o‘rtasida Yevropa bilan gaz aloqalarini tiklashning oldini olishini ta’kidlagan.
Biroq, ushbu qarash Germaniyada birdek qo‘llab-quvvatlanayotgani yo‘q. Jumladan, Saksoniya bosh vaziri Mixael Krechmer «Shimoliy oqim» quvurlarini Rossiya bilan muloqotni tiklash vositasi sifatida qayta ishlatishni taklif qilgan. Unga ko‘ra, ushbu quvurlar orqali Rossiya gazi Germaniya ehtiyojining kamida 20 foizini qoplashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Shimoliy oqim–2» gaz haydash quvuri Rossiya sohilidan Germaniyagacha Boltiq dengizi tubidan o‘tgan ikki yo‘nalishdan iborat bo‘lib, yiliga 55 mlrd metr kub gaz yetkazib berish imkoniga ega. Loyiha 2021 yil sentyabrda yakunlangan, ammo 2022 yil fevralda u ishga tushmasdan to‘xtatilgan edi. Sentyabr oyida esa noma’lum portlashlar natijasida «Shimoliy oqim»ning ikki joyi va «Shimoliy oqim–2»ning bir qismi vayron qilingan.





