Tojikiston ichki ishlab chiqarishning pasayishi fonida bug‘doy importini oshirdi
Olti oy ichida chetdan bug‘doy sotib olish 7,7 foizga ortdi. Un importi 45 foizga oshdi. Mamlakat xarid qilgan unning qariyb 1 foizini O‘zbekiston sotgan.
© sputnikTojikiston 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 660,8 ming tonna bug‘doyni qariyb 171 million dollar evaziga import qildi. Bu haqda mamlakatning Monopoliyaga qarshi xizmati xabar berdi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan import hajmi 47,5 ming tonna yoki 7,7 foizga oshdi. Import qilingan bug‘doyning o‘rtacha narxi har tonnasi uchun 259 dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 dollarga qimmat. Barcha bug‘doy Qozog‘istondan olib kelingan. Import bilan qariyb 60 ta kompaniya shug‘ullangan. Shu bilan birga, mamlakatda ichki bug‘doy ishlab chiqarish qisqardi. Olti oy davomida 510 ming tonna bug‘doy yetishtirildi. Bu 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan 78 ming tonna yoki 13,3 foizga kam.
Un importi 45 foizga oshdi
Yilning birinchi yarmida Tojikiston 35,4 ming tonna unni 11,3 million dollar evaziga import qildi. O‘rtacha narx har tonnasi uchun 320 dollarni tashkil etdi. 2025-yilning yanvar–iyun oylariga nisbatan import hajmi 11 ming tonna yoki 45,2 foizga oshdi. Un importi bilan 19 ta kompaniya shug‘ullandi. Import qilingan unning qariyb 95 foizi Qozog‘istondan, 4 foizi Rossiyadan va 1 foizi O‘zbekistondan olib borildi.
Shu bilan birga, mamlakat ichida un ishlab chiqarish ham ko‘paydi. Olti oy davomida Tojikiston korxonalari 399,4 ming tonna un ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 95,8 ming tonna yoki 31,6 foizga ko‘p. Qayta ishlash korxonalarida birinchi navli unning bir qopi ulgurji narxi 200–240 somoniyni (20–25 dollar) tashkil etdi. Dushanbega yetkazib berilgach, uning narxi 215–275 somoniygacha (23–29 dollar) yetgan. Iste’mol bozorlarida davlat tashkilotlari birinchi navli un qopini 200–230 somoniydan (21–24 dollar) sotgan. Monopoliyaga qarshi xizmat ma’lumotida un qopining og‘irligi ko‘rsatilmagan.
Joriy yilning birinchi yarmida mahalliy ishlab chiqarilgan birinchi navli un narxi 2 foizga, ikkinchi navli un esa 2,9 foizga qimmatladi. Bug‘doy va un importining oshishi mamlakat aholisi sonining tez o‘sishi, natijada un mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi fonida kuzatilmoqda. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2000–2024-yillar oralig‘ida Tojikiston aholisi qariyb 6,3 milliondan 10,3 million kishiga yetgan. Bu deyarli 64 foizlik o‘sishni anglatadi. Shu davrda aholining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2,1 foizni tashkil etgan. Faqat 2024-yilning o‘zida mamlakat aholisi qariyb 2 foizga oshgan. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Tojikistonda 10 million 603,8 ming kishi istiqomat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston bug‘doy importini yarim yilga taqiqlagani haqida yozgan edik.





