Logo

O‘zbekistonda «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi joriy etiladi

Bugun 13:453 daqiqa

Maqomga ega bo‘lgan fuqarolarga kontrakt to‘lovi, davlat xizmatlari va avtokredit bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

O‘zbekistonda «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi joriy etiladi

O‘zbekistonda har bir tuman va shaharda yiliga 208 nafar fuqaroga «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomini berish hamda ularga ta’lim kontrakti va avtokredit bo‘yicha qator ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlar taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, mazkur tizim jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan va ijtimoiy topshiriqlarni bajargan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning muhokamasi 20-noyabrgacha davom etadi.

«Faol fuqaro»larga qanday imtiyozlar beriladi?

Loyihada belgilanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir tuman hamda shahar bo‘yicha bir yil davomida 208 nafar fuqaro «Jamiyatdagi faol fuqaro» deb topiladi. Mazkur maqom bir yil muddat davomida amal qiladi.

Ushbu maqomga ega bo‘lgan fuqarolar quyidagi imtiyozlardan foydalanishi ko‘zda tutilmoqda:

— Davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida belgilangan yig‘im va to‘lovlar (davlat bojidan tashqari) bo‘yicha 10 foizlik chegirma taqdim etiladi;
— Davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olish bo‘yicha tuzilgan shartnoma (kontrakt) to‘lovi miqdorining 5 foizi OTMning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
— Avtotransport vositasi xaridi uchun ajratilgan kreditlarning boshlang‘ich badalining 3 foizi (bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmagan miqdorda) Mahallalar uyushmasi jamg‘armalari hisobidan to‘lab beriladi.

Shuningdek, «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomini olgan shaxslar «Faol fuqaro» nishoni bilan taqdirlanadi va ularning yashash xonadoni eshigiga maxsus «Faol fuqaro» belgisi o‘rnatilishi belgilangan.

Baholash mezonlari va ball to‘plash tartibi


Fuqarolarni ushbu maqomga munosib deb topishda «1 soat = 1 ball» tamoyili asosida beshta ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha baholash yuritiladi. Umumiy to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ko‘rsatkich 100 ballga teng bo‘lib, har bir mezon bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 20 ballni tashkil etadi. Baholash quyidagicha amalga oshiriladi:

— «Yashil makon» loyihalarida va ko‘chat ekish tadbirlarida faol ishtirok etganlarga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi tomonidan (20 ballgacha);
— O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qilgan fuqarolarga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan (20 ballgacha);
— Mahalladagi nizoli oilalar masalasini hal etishda jamoatchi mediator sifatida ishtirok etgan shaxslarga mahalladagi xotin-qizlar faoli tomonidan (20 ballgacha);
— Mahallada o‘tkaziladigan jamoatchilik hasharlarida faol qatnashganlarga mahalla raisi tomonidan (20 ballgacha);
— Mahallalardagi yoshlarni xorijiy tillar va kasb-hunarga bepul o‘qitgan ko‘ngillilarga mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan (20 ballgacha).

Ariza berish va g‘oliblarni aniqlash

Maqomga da’vogar bo‘lgan shaxslar har oyning 15-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bepul elektron so‘rovnoma to‘ldirishi lozim bo‘ladi. Bunda so‘rovnomaga ijtimoiy mezonlar bo‘yicha bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi foto, video va maqolalar ilova qilinishi talab etiladi.

To‘plangan hujjatlar «Raqamli mahalla» platformasi orqali mas’ul mahalla yettiligi va vakolatli organlarga yuboriladi. Vakolatli organlar har oyning 25-sanasiga qadar so‘rovnomalarni o‘rganib, ballarni tizimga kiritadi.

«Raqamli mahalla» platformasi avtomatik tarzda 75 va undan yuqori ball to‘plagan ariza beruvchilarni belgilangan 208 talik kvota doirasida «Jamiyatdagi faol fuqaro» deb topadi va QR kodli elektron ma’lumotnoma shakllantiradi. Agarda da’vogarlarning ballari teng kelib qolgan taqdirda, murojaatni vaqt jihatdan ertaroq yuborgan fuqaroga ustunlik berilishi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid