
Ukraina Rossiya ichkarisiga uzoq masofaga uchuvchi qurollardan zarba berishi mumkin
27.05.2025 | 13:1519743
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH Ukrainaga uzoq masofali qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Endi Kiyev Rossiya hududi ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba berishi mumkin.

Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan foydalanishdagi cheklovlar to‘rtta yirik davlat — Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH tomonidan rasman bekor qilindi. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers bayonot berdi.
«Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarning otish masofasi bo‘yicha endi hech qanday cheklov yo‘q. Bu nafaqat Buyuk Britaniya va Fransiya, balki bizning tomonimizdan ham bekor qilindi. Amerika tomonidan ham cheklovlar olib tashlangan», dedi Mers o‘z chiqishida.Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga yordam berish bo‘yicha «barcha imkoniyatlarni ishga solish»ni davom ettiradi. Shu maqsadda u Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan birgalikda «ko‘ngilliklar koalitsiyasi» doirasida Ukrainaga tashrif buyurganini ta’kidladi. Mersning qayd etishicha, bu qaror Ukrainaga o‘zini himoya qilish, jumladan, Rossiya hududidagi harbiy ob’ektlarga zarba berish imkoniyatini yaratadi. U bunday imkoniyatlar avval juda kam hollarda amalga oshirilganini ham qo‘shimcha qildi. Mazkur qaror xalqaro maydondagi kuchlar muvozanati va janubiy frontdagi harakatlarga ta’sir qilishi mumkin.





