add

Ukraina Yevropadan Rossiya nefti uchun narx chegarasini 30 dollarga tushirishni so‘radi

21.05.2025 | 08:0030614

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirishga, jumladan, Rossiya neftiga belgilangan narx chegarasini 30 dollargacha pasaytirishga chaqirdi.

Ukraina Yevropadan Rossiya nefti uchun narx chegarasini 30 dollarga tushirishni so‘radi
Andrey Sibiga Bryusseldagi Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan bergan bayonotida sanksiyalarning 17-paketi bilan cheklanmasdan, Rossiya nefti uchun yuqori chegarani 30 dollargacha tushirish lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Kremlni moliyaviy jihatdan cheklashda muhim qadam bo‘ladi. Sibiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin hali ham urushni davom ettirayotgani va uni to‘xtatish niyatida emasligini aytdi. U Yevropa diplomatiyasi to‘liq safarbar qilinishini, faqat shunday yo‘l bilan Rossiya tajovuzi cheklanishi va tinchlik tiklanishini bildirdi. Rossiya neftiga bo‘lgan narx chegarasini pasaytirish tashabbusi bilan Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis ham chiqqan. U G7 davlatlari moliya vazirlari yig‘ilishida chegarani rasman qayta ko‘rib chiqishni taklif qilishini aytgan. Hozirdagi 60 dollarlik chegarani 50 dollarga tushirish varianti muhokama qilinmoqda. 20 may kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini rasman qabul qildi. Unga ko‘ra, Rossiyaning 200 ga yaqin neft tankerlari, «Surgutneftegaz», VSK sug‘urta kompaniyasi va harbiy dronlar ishlab chiqaruvchi markazga cheklovlar joriy etildi. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen yaqin kunlarda sanksiyalarning 18-paket «Shimoliy oqim» gaz haydash quvuri va neft narxi masalasi ham ko‘zda tutilishini ma’lum qildi. U Putinni «tinchlikni istamaydi», deb atadi va bosimni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi. Britaniya ham Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi. Ularga «ASV», Sankt-Peterburg valyuta birjasi, «MT-Sistems» kompaniyasi va Rossiyaning «xufiyona floti»ga taalluqli 18 ta kema kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid