
Yangi Toshkent issiqlik tarmog‘i Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan quriladi
08.08.2025 | 08:0015643
K-Heating loyihasi doirasida Yangi Toshkent va boshqa shaharlar zamonaviy, ekologik toza isitish texnologiyalari bilan ta’minlanadi.

Janubiy Koreyaning Korea District Heating Corporation (KDHC) kompaniyasi O‘zbekistonda yangi isitish texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning rejalariga ko‘ra, K-Heating tashabbusi asosida Yangi Toshkent va boshqa shaharlarda zamonaviy isitish infratuzilmasi yaratiladi.
KDHC bosh direktori Chon Yon-Ki joriy haftaning boshida O‘zbekistonning Seuldagi elchisi Alisher Abdusalomov bilan uchrashib, hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
«Biz Yangi Toshkentda ekologik toza K-Heating tizimini muvaffaqiyatli ishga tushirish uchun Koreyaning tajribasi va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz», — dedi Chon Yon-Ki.
Kompaniya bu yo‘nalishda allaqachon maxsus ishchi guruh tuzgan. Guruh mahalliy operatorlarga issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rejalashtirish va maslahat berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, K-Heating Learning Program doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitishga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.
«O‘zbekistonning energetika bozori jiddiy o‘zgarishlar jarayonidan o‘tmoqda. Bu jarayon sohani ko‘proq xususiy sarmoyalar uchun ochishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar tufayli yuzaga kelmoqda. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ikki barobarga oshib, 120 mlrd kWhdan ham yuqori ko‘rsatkichga yetishi kutilyapti», deyiladi The Korea Times xabarida.
Nashrning ta’kidlashicha, K-Heating loyihasi KDHC’ning «Shimoliy biznes strategiyasi» doirasiga kiradi. Bu strategiya Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bozorlariga yo‘naltirilgan.





