add

Yevropa Kremlga bosimni kuchaytirish niyatida: Putin muzokaralarda qatnashmadi

Yevropa davlatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyada Kiyev bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan muzokaralarda shaxsan qatnashmaganidan so‘ng, Moskvaga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rishni muhokama qilmoqda.

Yevropa Kremlga bosimni kuchaytirish niyatida: Putin muzokaralarda qatnashmadi
Politico nashrining yozishicha, Yevropa Ittifoqi rahbarlari Rossiya eksportiga nisbatan qattiqroq cheklovlar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Juma kuni Albaniya poytaxti Tiranada Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. To‘rt yevropalik rasmiyning ma’lum qilishicha, uchrashuvdagi asosiy mavzulardan biri Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar bo‘ladi. Xususan, Rossiyadan keladigan tovarlarga joriy etilishi mumkin bo‘lgan jarima bojlari muhokama qilinmoqda. Bu taklif Yevropa Ittifoqining Vengriya qarshiligi tufayli to‘liq embargo qo‘llay olmayotgani sababli ilgari surilmoqda. Ikki manbaning ta’kidlashicha, bunday chora Vengriya vetosini cheklash imkonini beradi. Ma’lum qilinishicha, AQSH senatori Lindsi Grehemning Rossiya importiga 500 foizlik bojlar joriy etish taklifi Yevropada «jazolovchi tariflar»ni muhokama qilishga ilhom bergan. Sammit arafasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Rossiyaning qariyb 200 ta neft tashuvchi kemalaridan iborat «xufyona floti»ga qarshi cheklovlarni o‘z ichiga olgan 17-sanksiyalar paketini kelishib oldi. Moskva va Kiyev o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish urinishi – 2022 yildagi keng ko‘lamdagi urush boshlangandan buyon birinchi marta – natija bermadi. Volodimir Zelenskiy Turkiyaga kelishga tayyor bo‘lgan bo‘lsa-da, Putin shaxsan ishtirok etishni rad etdi va past darajadagi delegatsiyani yubordi. Bu nafaqat uchrashuvning o‘tkazilish ehtimolini, balki uning formati va samaradorligini ham shubha ostiga qo‘ydi. AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralarda ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qilgan, biroq Putin ishtirok etmas ekan, jiddiy natijaga erishish qiyinligini ta’kidlagan. Buyuk Britaniya rasmiylaridan biri muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, yangi sanksiyalar va xalqaro qo‘llab-quvvatlashni safarbar etish masalasi yana kun tartibiga chiqishini ma’lum qilgan. Fransiya, Germaniya va Polsha rahbarlari Moskva to‘liq va shartsiz otashkesimga rozi bo‘lmasa, keskin choralar ko‘rilishi haqida bayonot bergan. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro esa G‘arb davlatlari Rossiya iqtisodiyotini «nafas ololmas» holatga keltirishi kerakligini ta’kidlab, kerakli choralar iqtisodiy tizimni tubdan yemiradigan darajada bo‘lishi lozimligini qayd etdi.    

Teglar

Mavzuga oid

Yevropa Kremlga bosimni kuchaytirish niyatida: Putin muzokaralarda qatnashmadi | Vaqt.uz