14 qurbon, 5 hibs va umummilliy motam: Qozog‘istondagi fojia tafsilotlari
Qozog‘istonda 14 nafar harbiyning yostig‘ini quritgan Kaspiydagi fojia sabablari atroflicha o‘rganilmoqda. Umummilliy motam e’lon qilingan ushbu hodisa doirasida Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdori hibsga olindi. Marhumlar orasida asli o‘zbekistonlik 18 yoshli yigit ham bo‘lgan.

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida Kaspiy dengizida o‘tkazilgan harbiy-dengiz mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan fojia oqibatida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, 3 nafari qutqarib qolindi. Qurbonlar orasida asli qoraqalpog‘istonlik matros ham bor.
Fojia qanday sodir bo‘ldi?
Voqea 24-sentabr kuni Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektorida, Aqtau shahridan 43 kilometr uzoqlikdagi sohilda yuz bergan. Bu vaqtda mintaqada 500 dan ortiq harbiy xizmatchi, kema va katerlar hamda aviatsiya ishtirokida «Xazar qorg‘anы — 2026» mashg‘ulotlarining uchinchi kuni o‘tkazilayotgan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harbiylar «Qaysar» kateridan sohilga tushirish mashqini bajarayotgan vaqtda ularni kuchli to‘lqin bosib, ochiq dengizga oqib ketgan. Qozog‘iston Mudofaa vazirligi hodisaga meteorologik sharoitning keskin o‘zgarishi va kuchli shamol sabab bo‘lganini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, fojiadan avval «Qazgidromet» markazi hududda shamol tezligi 15–20 m/s gacha yetishi haqida ogohlantirish bergan.
Qurbonlar va qutqarilganlar
Dastlabki xabarlarda 19 kishi dengizga tushib ketgani aytilgan bo‘lsa-da, keyinroq rasmiylar bu raqam 17 nafar ekanini tasdiqladi. Ulardan 3 nafari qutqarib qolingan: bir harbiy mustaqil ravishda sohilga chiqib olgan bo‘lsa, yana biri shifoxonaga yotqizilgan va hozirda uning ahvoli barqaror.
250 dan ortiq qutqaruvchi, g‘avvoslar, kemalar va vertolyotlar jalb qilingan keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi davomida 14 nafar harbiyning jasadi topildi.
Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan bir ofitser, bir serjant va 12 matrosning ro‘yxatini e’lon qildi. Ular asosan 19–23 yoshdagi yigitlar bo‘lgan:
• katta leytenant Oljas Muxtaruli;
• serjant Mansur G‘umarov;
• matroslar: Сержан Ayapbergen, Dastan Begey, Meyrambek Berdixanov, Aset Janabay, Azamat Madixan, Aqjayiq Gilaj, Oljas Dixanbayev, Almas Kobenov, Aqilbek To‘legen, Jenis Temirgaliyev, Omirbek Omirzaq, Miras Turdibekuli.
Qurbonlar orasida Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan harbiy ham bor
Halok bo‘lganlar orasida 2006 yilda tug‘ilgan matros Almas Jүsіpұlы Kөbenov ham bor. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, u O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan va Mang‘istau viloyatidagi Bayandi-3 qishlog‘ida yashab kelgan. Uning fuqaroligi haqida alohida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Jinoyat ishi va hibsga olingan mansabdorlar
Holat yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 453-moddasi (og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish) va 465-moddasi (kema boshqarish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida 30 dan ortiq harbiy so‘roq qilinib, 12 ta ekspertiza tayinlangan.
25-sentabr kuni Mudofaa vazirligi tizimidagi 5 nafar yuqori lavozimli shaxs, jumladan:
• Harbiy-dengiz kuchlari Bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari — shtab boshlig‘i;
• ikkita harbiy qism komandiri;
• dengiz piyodalari rotasi komandiri;
• kater komandiri hibsga olindi.
Ular meteorologik sharoitni hisobga olgan holda shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlamaganlikda va qutqaruv ishlarini lozim darajada tashkil etmaganlikda ayblanmoqda.
Umummilliy motam va ta’ziya
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning farmoni bilan 25-sentabr mamlakatda umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.
Hukumat va yirik tadbirkorlar halok bo‘lganlarning oilalariga yirik miqdorda moddiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Fojia munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbariga hamda halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, ta’ziya telegrammasi yo‘lladi.