Logo

Ipoteka kreditlarini moliyalashtirish asosan banklar va kompaniyalar zimmasiga o‘tkaziladi

Bugun 18:502 daqiqa

O‘zbekistonda kelgusi uch yilda ipoteka kreditlarini moliyalashtirishda tijorat banklari va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining ulushi 43 foizdan 60 foizga yetkaziladi. Bu orqali davlat budjetidan kamida 12 trln so‘m mablag‘ni tejash ko‘zda tutilgan.

Ipoteka kreditlarini moliyalashtirish asosan banklar va kompaniyalar zimmasiga o‘tkaziladi © Foto: mfd.mos.ru

O‘zbekistonda keyingi uch yilda ipoteka kreditlarini moliyalashtirishda banklar va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining ulushini 43 foizdan 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 13-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 2027-yilgi davlat budjeti loyihasi va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

«Ipoteka bozori iqtisodiy o‘sishimizning asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Endi budjetga tushadigan yukni kamaytirgan holda uch yil ichida banklar va ipoteka kompaniyasining bu bozordagi ulushini hozirgi 43 foizdan 60 foizga yetkazishimiz kerak. Agar buni amalga oshirsak, kamida 12 trln so‘mni tejaymiz», — dedi Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ipotekani moliyalashtirishning yangi mexanizmlari bo‘yicha aniq takliflar kiritish vazifasi topshirildi. Ushbu chora-tadbirlar fonida 2027-yilda ipoteka kreditlari uchun yo‘naltirilishi kutilayotgan mablag‘lar hajmi 2026-yil uchun tasdiqlangan ko‘rsatkichga nisbatan 2 trln so‘mga (8,7 foizga) oshishi ko‘zda tutilmoqda.

Raqamlar va joriy holat

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ipoteka dasturi doirasida aholiga jami 20,9 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39 foizga yoki 5,9 trln so‘mga ko‘pdir.

Ajratilgan umumiy mablag‘ quyidagi manbalar hisobidan shakllantirilgan:

12,8 trln so‘mi — davlat budjetidan;
6,1 trln so‘mi — tijorat banklarining o‘z mablag‘laridan;
2 trln so‘mi — Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hisobidan.

Bu degani, to‘qqiz oy davomida amalda berilgan kreditlarning 61 foizi budjet hissasiga, 39 foizga yaqini esa banklar va kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2026-yilda ipoteka bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarini subsidiyalash uchun jami 2,7 trln so‘m ajratilishi reja qilingan. 1-oktabr holatiga ko‘ra, subsidiyalar uchun amalda 1,21 trln so‘m to‘lab berilgan. Uning 800,3 mlrd so‘mi foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 407,8 mlrd so‘mni 13 722 nafar fuqaro uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal sifatida olgan.

Teglar

Mavzuga oid