Qirg‘izistonda amaldorlarga qo‘shimcha daromad topishga ruxsat berildi
Biroq, qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qator shartlar belgilangan.

Qirg‘izistonda siyosiy va maxsus lavozimlarni egallab turgan davlat hamda munitsipial xizmatchilar endi tegishli kasbiy sohada qo‘shimcha haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolangan yangi farmonda ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, amaldorlarga ta’lim, ekspert, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyat orqali qo‘shimcha mukofot puli olishga ruxsat beriladi. Ushbu o‘zgarishlar prezidentning 2025 yil 4-iyundagi «Siyosiy davlat lavozimlari, maxsus davlat lavozimlari va siyosiy munitsipial lavozimlar to‘g‘risida»gi 175-sonli farmoniga kiritildi.
Biroq, qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qator shartlar belgilangan. Xususan, xizmatchini lavozimga tayinlagan shaxs bilan oldindan kelishish talab etiladi.
Shu bilan birga, bunday qo‘shimcha ish xizmatchining asosiy vazifalarini bajarish sifati va hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, shuningdek, hech qanday manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, amaldorlarning jamoat birlashmalari tarkibida ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi alohida mustahkamlandi. Bu o‘rinda asosan sog‘liqni saqlash, ta’lim, xayriya va volontyorlik sohalarida ishlovchi tashkilotlar nazarda tutilgan.
Mehnat ta’tili va qarorlar qabul qilishdagi o‘zgarishlar
Qabul qilingan yangi tartibga muvofiq, endi chinovnikni uning shaxsiy roziligisiz mehnat ta’tilidan muddatidan oldin chaqirib olish mumkin emas. Bunda xizmatchining roziligi nafaqat yozma, balki telefon, raqamli aloqa vositalari yoki boshqa qulay usullar orqali olinishiga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, xizmatchilarning huquqlari ro‘yxati kengaytirilib, unga qarorlar qabul qilishda, shuningdek, ushbu qarorlarni tayyorlash va ko‘rib chiqish jarayonlarida ishtirok etish huquqi ham kiritildi.
Farmonda davlat va munitsipial xizmatchilarning notijorat tashkilotlarining rahbarlik organlarida, xususan, vasiylik va kuzatuv kengashlarida ishtirok etishiga oid cheklovlarga ham aniqlik kiritilgan. Bunday ishtirokka faqat qonunchilik va xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, prezident yoki vazirlar mahkamasi raisi — prezident ma’muriyati rahbarining qarori yoxud roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.





