Logo

«Cargolux» O‘zbekistonga muntazam yuk reyslarini amalga oshiradi

Bugun 14:051 daqiqa

Luksemburg aviakompaniyasi Navoiy aeroportiga «Boeing 747F» yuk samolyotlarida qatnaydi. Oyiga 40–50 tagacha reysni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilgan.

«Cargolux» O‘zbekistonga muntazam yuk reyslarini amalga oshiradi © O'zaviatsiya agentligi

Luksemburgning «Cargolux Airlines» aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi. Bu haqda «O‘zaviatsiya» agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, aviakompaniya reyslari Navoiy xalqaro aeroportida «Boeing 747F» rusumli yuk samolyotlarida bajariladi.

«Cargolux» qanday kompaniya?

«Cargolux» — Luksemburgda joylashgan, havo orqali yuk tashishga ixtisoslashgan aviakompaniya. U 1970 yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy bazasi Luksemburg aeroportida joylashgan. Kompaniya dunyo bo‘ylab muntazam va charter yuk reyslarini bajaradi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning parkida 30 ta «Boeing 747-400» va «Boeing 747-8» yuk samolyoti mavjud. Kompaniyaning Xitoydagi ikkinchi tayanch aeroporti Chjenchjou shahrida joylashgan.

Aviakompaniya odatiy yuklar bilan birga og‘ir va yirik o‘lchamli uskunalar, shuningdek, muayyan haroratda saqlanishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni ham tashiydi.

«Cargolux» vakillari ruxsatnoma berilishidan avval Navoiy xalqaro aeroportiga tashrif buyurgan. Aeroport xabariga ko‘ra, ular samolyotlarga yoqilg‘i quyish imkoniyatlari, yoqilg‘i zaxirasi va sifati, shuningdek, laboratoriya tekshiruvlari tartibi bilan tanishgan. Uchrashuvda oyiga 40–50 tagacha reysni amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashish aviaqatnovlari ko‘payayotgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid