Ayrim ta’lim muassasalari xodimlariga mehnat staji uchun 120 foizgacha ustamalar belgilandi
O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi maktab va bog‘chalarning hisobchilari hamda kadrlar inspektorlariga mehnat staji uchun 120 foizgacha ustama belgilandi.
© Фото: «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasiAdliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Mazkur idoraviy hujjat bilan quyidagilarning bosh hisobchilari (yetakchi hisobchi va hisobchilari) hamda kadrlar bo‘yicha inspektorlari uchun tarif razryadlari va ko‘p yillik ish staji uchun to‘lanadigan oylik ustamalar belgilanmoqda:
• Reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
• Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
• Eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
• Ixtisoslashtirilgan maktablar;
• Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablar;
• Ko‘p tarmoqli maktab va maktab-internatlar;
• Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
• Maxsus texnikumlar;
• Ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazi.
Bunda ko‘p yillik ish staji uchun lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to‘lanishi belgilanmoqda:
— 1 yildan 3 yilgacha ish staji uchun — 30 foiz;
— 3 yildan 5 yilgacha ish staji uchun — 60 foiz;
— 5 yildan 10 yilgacha ish staji uchun — 80 foiz;
— 10 yildan 15 yilgacha ish staji uchun — 100 foiz;
— 15 yil va undan ortiq ish staji uchun — 120 foiz.





