Davlat ta’lim va tibbiyot muassasalarining bog‘larini xususiylashtirish taqiqlanadi
O‘zbekistonda ta’lim va tibbiyot tashkilotlari hududidagi bog‘lar hamda yerlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonun ishlab chiqiladi.
© YANDEX MAPSO‘zbekistonda barcha davlat ta’lim va tibbiyot tashkilotlari hududida joylashgan hamda ularning balansidagi bog‘lar va yer maydonlarini xususiylashtirish qat’iyan taqiqlanadi. Ko‘p kvartirali uylar atrofidagi yashil hududlar esa jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Bu haqda 10-noyabrda qabul qilingan Prezidentning PF-242-sonli farmonida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, suv resurslari va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlangan. Ushbu dastur doirasida ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish sohasidagi qonunchilik talablari yanada kuchaytirilmoqda.
Farmonning amaliy chora-tadbirlar dasturiga asosan, 2027 yilning 20-yanvariga qadar qonun hujjatlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan. Ushbu qonun loyihasida barcha davlat ta’lim va tibbiyot tashkilotlari, shuningdek, muassasalar hududida joylashgan va ularning balansidagi bog‘lar hamda yer maydonlari xususiylashtirilishi taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yiladi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi yangi sifat bosqichiga olib chiqiladi. 2030 yilga borib, respublikadagi barcha tuman va shahar markazlarida yashillik darajasini kamida 30 foizga yetkazish maqsadli ko‘rsatkich sifatida tasdiqlandi. Ta’lim, tibbiyot muassasalari va ko‘p kvartirali uylar atrofidagi yashil hududlarni muhofaza qilish jamiyat daxlsiz boyligi maqomida olib boriladi.
Dasturning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida sug‘oriladigan ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 2030 yilga qadar 100 foizga yetkazish belgilandi. Mazkur jarayonlarni jadallashtirish uchun besh yillik manzilli dastur ishlab chiqiladi.
Joriy etilgan barcha subsidiyalar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Amalda kam samara berayotgan subsidiya va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bekor qilinib, kelajakda sifatli natija beradigan yangilariga almashtiriladi. Shu bilan birga, imtiyozli kredit va subsidiya mablag‘larini ajratish tizimini soddalashtirish mexanizmi joriy etiladi.
Besh yil va undan ortiq muddat davomida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanib kelayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga uskunalarni qayta tiklash uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Davlat subsidiyasi hisobidan joriy qilingan texnologiyalardan kelgusida samarali foydalanishni nazorat qilish tizimi esa keskin kuchaytiriladi.





