Logo

Visa va Mastercard suddan 38 mlrd dollarlik kelishuvni tasdiqlashni so‘radi

Bugun 16:054 daqiqa

Savdogarlar Visa, Mastercard va bir qator banklarni monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgan holda o‘zaro kelishib, «swipe» komissiyasini undirishda ayblagan. Ushbu komissiyalar savdogarlar karta orqali to‘lovlarni qabul qilgani uchun to‘laydigan to‘lovlardir.

Visa va Mastercard suddan 38 mlrd dollarlik kelishuvni tasdiqlashni so‘radi © Bloomberg

AQSHda bu ikkala kompaniya kredit karta orqali to‘lovlarni amalga oshirishda savdogarlardan ortiqcha komissiya undirilgani haqidagi da’volarni hal qilish uchun tuzilgan 38 mlrd dollarlik kelishuvni sudya tomonidan tasdiqlashni so‘radi. Nyu-Yorkning Bruklin shahridagi AQSH okrug sudi sudyasi Brayan Kogan 16-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida kelishuvni yakuniy tasdiqlash yoki rad etish bo‘yicha qaror chiqarmadi.

Biroq u 21 yildan beri davom etayotgan ish sudgacha yetib borsa, kelishuv rad etilgan taqdirda jarayon uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkinligini ta’kidladi.

Kelishuv savdogarlar Visa va Mastercard kartalarini qabul qilish uchun to‘laydigan komissiyalarni kamaytirishni hamda ularga ayrim kartalarni rad etishga imkon beradi.

Karta tarmoqlari vakillarining advokatlari kelishuvni savdogarlar uchun adolatli murosa deb atadi. Ularning ta’kidlashicha, bu hujjat Visa va Mastercard kompaniyalarining savdogarlar bilan o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan munosabatlarini tubdan o‘zgartiradi.

Visa advokati Maykl Shuster kelishuv savdogarlar uchun sezilarli yengillik yaratishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya taklif etilayotgan o‘zgarishlardan mamnun bo‘lgani yo‘q.

«Bu karta tarmoqlari faoliyatini o‘zgartiradi», — dedi u.

Taklif etilayotgan kelishuv 12 mlndan ortiq savdogarni qamrab oladi. Biroq ayrim muxoliflar ushbu o‘zgarishlardan 20 mlndan ortiq biznes subyekti manfaatdor bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Hujjat savdogarlarga bozorda keng tarqalgan bonusli kartalarni qabul qilishda davom etgan holda ayrim kredit kartalarini rad etish imkonini beradi. Sudya iyun oyida kelishuvni dastlabki bosqichda ma’qullagan edi. 2024-yilning iyun oyida esa boshqa sudya 30 mlrd dollarlik avvalgi kelishuvni yetarli emas deb topib, rad etgan.

«Barcha kartalarni qabul qilish» qoidasi bekor qilinadi

Savdogarlar Visa, Mastercard va banklarni AQSHning monopoliyaga qarshi qonunlarini buzgan holda o‘zaro kelishib, «swipe» komissiyasini undirishda ayblagan. Ushbu komissiyalar savdogarlar karta orqali to‘lovlarni qabul qilgani uchun to‘laydigan to‘lovlardir.

«Interchange» komissiyasi deb ham ataladigan ushbu to‘lovlar 2025-yilda AQSHda Visa va Mastercard uchun jami 118,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 111,2 mlrd dollar va 2009-yildagi 25,6 mlrd dollardan oshgan. O‘rtacha komissiya miqdori 2,36 foizni tashkil etgan.

Kelishuvga ko‘ra, Visa va Mastercard besh yil davomida «swipe» komissiyasini 0,1 foiz bandga kamaytirishi, standart iste’molchi kartalari uchun esa sakkiz yil davomida komissiya miqdorini 1,25 foiz bilan cheklashi kerak.

Shuningdek, bu savdogarlarga turli toifadagi kartalar orasidan tanlash imkonini berish orqali barcha Visa va Mastercard kartalarini qabul qilishni yoki umuman qabul qilmaslikni talab qiluvchi uzoq vaqtdan beri amal qilib kelayotgan «Honor All Cards» qoidasiga chek qo‘yadi. Ushbu qoida savdogarlardan Visa yoki Mastercard’ning barcha kartalarini qabul qilishni yoki ularning hech birini qabul qilmaslikni talab qilardi.

Yangi tartibga ko‘ra, savdogarlar kartalarni uchta alohida toifaga ajratib, ulardan qaysilarini qabul qilishni o‘zlari tanlashi mumkin bo‘ladi. Bular tijorat kartalari, bonusli kartalarni ham o‘z ichiga olgan yuqori toifadagi iste’molchi kartalari va standart iste’molchi kartalaridir.

Da’vogarlar tomonidan yollangan ikki ekspert — Nobel mukofoti sovrindori, iqtisodchi Jozef Stiglits va Vashington universiteti professori Kit Lefflerning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar 2031-yilgacha savdogarlarga 38 mlrd dollar tejash imkonini beradi. Iste’molchilarni ham hisobga olganda, umumiy iqtisodiy foyda 224 mlrd dollarga yetishi mumkin.

Raqobat yetishmasligi yuzasidan xavotirlar

Sud kelishuvga qarshi bildirilgan mingdan ortiq e’tirozni qabul qilgan. Ular orasida «Walmart» kompaniyasi va dunyodagi eng yirik chakana savdo tashkiloti — «National Retail Federation» ham bor.

Kelishuvga qarshi chiqqan ayrim tomonlarning fikricha, savdogarlar bonusli kartalarni qabul qilish uchun hamon yuqori komissiya to‘lashda davom etadi. Bundan tashqari, ularga turli banklar chiqargan kartalar orasidan tanlash imkoniyati berilmaydi. Masalan, savdogar bir bank kartalarini qabul qilib, boshqa bank kartalarini rad eta olmaydi.

Kelishuvga qarshi chiqqan «National Association of Convenience Stores» va «Circle K» kompaniyalari nomidan qatnashgan advokat Mitxun Mansingxani sudya Koganga ushbu kelishuv banklar va boshqa karta emitentlari o‘rtasida haqiqiy raqobatni yuzaga keltiradigan tarkibiy islohotlarni nazarda tutmasligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, bozorning 90 foizidan ortig‘ini tashkil etuvchi tijorat va yuqori toifadagi iste’molchi kartalari uchun komissiyalar hamon yuqori darajada qoladi.

«Raqobat asosiy mezon bo‘lishi kerak. Ushbu kelishuv esa mutlaqo noto‘g‘ri. Bu Gudzon daryosi ustidan ko‘prik qurib, uning faqat chorak qismini bitkazishga o‘xshaydi. Bunday ko‘prikdan foydalanib bo‘lmaydi», — dedi Mitxun Mansingxan.

Kelishuvni qo‘llab-quvvatlaganlar orasida «Electronic Payments Coalition» ham bor. Uning a’zolari qatoriga Visa, Mastercard va «Bank of America», «Capital One», «Chase» hamda «Citibank» kabi yirik banklar kiradi.

«American Express» va «Capital One» tarkibiga kiruvchi «Discover» to‘lov tarmoqlari ushbu kelishuvga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi qaysi banklarda plastik va virtual kartalarni bepul olish mumkinligi haqida yozgan edik.

Farangiz Bobojonova

Teglar

Mavzuga oid