Surxondaryo va Qashqadaryo o‘rtasidagi ma’muriy-hududiy chegaralar tasdiqlanadi
Chegaralarni belgilashda zamonaviy kartografik materiallar, aerosuratlar va davlat koordinatalari tizimiga bog‘langan topografik xaritalardan foydalanilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Surxondaryo viloyatining Qashqadaryo viloyati bilan ma’muriy-hududiy chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi qabul qilindi.
Loyihaga muvofiq, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasidagi umumiy uzunligi 209,15 kilometr bo‘lgan ma’muriy-hududiy chegara chizig‘ini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
Chegaralarni belgilashda zamonaviy kartografik materiallar, aerosuratlar va davlat koordinatalari tizimiga bog‘langan topografik xaritalardan foydalanilgan.
«E’tiborlisi, chegara chiziqlari yerdan foydalanuvchilarga tegishli yaylov va lalmi yer maydonlarining yaxlitligini saqlash, ularni tabiiy relef elementlariga muvofiq belgilash tamoyillari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yer munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi», - deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur qaror loyihasi ma’muriy-hududiy chegaralarni aniq belgilash faqat geografik masala emas, balki yer hisobi va kadastr ma’lumotlarining ishonchliligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
«Qarorning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yer va kadastr munosabatlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishdagi mavjud noqulayliklarni bartaraf etish, davlat organlari o‘rtasidagi hududiy vakolatlar aniqligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi», - deyiladi xabarda.





