Logo

O‘zbekiston sanksiyalar sabab nasos stansiyalari loyihasida Rossiya bankidan voz kechdi

Bugun 21:103 daqiqa

O‘zbekiston Rossiyaga qarshi sanksiyalar va moliyalashtirish shartlari qimmatlashgani sababli 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasiga mablag‘ ajratuvchi bankni boshqasiga o‘zgartirdi.

O‘zbekiston sanksiyalar sabab nasos stansiyalari loyihasida Rossiya bankidan voz kechdi © Foto: Ўзбекистон Республикаси Сув хўжалиги вазирлиги

O‘zbekiston Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar hamda kredit foiz stavkalarining qimmatlashishi ortidan 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirishning avvalgi sxemasidan voz kechdi. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev ushbu loyiha endilikda Rossiya emas, balki boshqa yangi bank tomonidan moliyalashtirilishini ma’lum qilgan. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bu haqdagi ma’lumotlar 11-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da ochiqlangan. Yig‘ilish davomida deputat Imomnazar Tursunov 37 million dollarlik 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi kechikayotgani va ushbu investitsiya loyihasi doirasida bir so‘m ham o‘zlashtirilmaganini ta’kidlab, buning sabablari bilan qiziqqan.

Suv xo‘jaligi vaziri deputat savoliga javob berar ekan, rejaning o‘zgarishiga Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar va kreditlar foizlarining oshib ketishi asosiy sabab bo‘lganini aytgan.

«Rossiyaga nisbatan sanksiyalar va kreditlar foizlari oshishi tufayli biz buning o‘rniga, 37 million dollarni Rossiya bilan emas, yangi bank bilan qiladigan bo‘ldik. 4 foizlik kredit berib amalga oshirilyapti. Bu ham kelgusi yilda amalga oshiriladi», — degan vazir.

Xabar qilinishicha, loyihani amalga oshirish 2027 yilga ko‘chirilmoqda. Biroq, yangi moliyalashtiruvchi bank nomi va kreditning aniq shartlari hozircha ochiqlanmagan.

Dastlabki loyiha va bekor qilingan kelishuv

«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, loyiha avvalboshdan Rossiyaning «VEB.RF» davlat taraqqiyot korporatsiyasi ishtirokida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2021 yil 29-iyulda qabul qilingan prezident qarori bilan Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi jami 95 ta obyektni yangilash rejalashtirilgan. Qiymati 213,5 million yevroga baholangan loyihaning 146 million yevrosi aynan «VEB.RF» krediti hisobidan jalb qilinishi ko‘zda tutilgan va 2021 yil sentabrda kredit kelishuvi imzolangan.

Ammo 2022 yilning 22-fevralida AQSH Moliya vazirligi tomonidan «VEB.RF» bankiga bloklovchi sanksiyalar joriy etilib, uning xalqaro moliyaviy operatsiyalari cheklangan. Shundan so‘ng, 2022 yil 1-dekabrda qabul qilingan yangi qaror bilan «VEB.RF» ishtirokidagi yuqoridagi kelishuv o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan.

Yangi hamkorlar

Nashrning qayd etishicha, 2026 yilning 18-iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligi, Yevrosiyo taraqqiyot banki va Yevrosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hujjat aynan o‘sha 5 ta viloyatdagi 95 ta nasos stansiyasini qamrab oladi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida 110 ta nasos stansiyasini yangilash bo‘yicha ham tender jarayonlari ketmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, nasos stansiyalari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun strategik ahamiyatga ega. Mamlakatdagi jami sug‘oriladigan yerlarning 56 foizi (2,4 million gektar) aynan nasosli sug‘orishga bog‘liq. Murakkab relef sharoitida suvni yuqoriga haydab beradigan ushbu tizimning 94 foizi o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan bo‘lib, butun mamlakatdagi jami elektr energiyasining qariyb 16 foizini sarflamoqda. Modernizatsiya ishlari orqali ushbu ulkan energiya sarfini keskin kamaytirish maqsad qilingan.

Teglar

Mavzuga oid