2026-yilda subsidiya va transfertlarga qariyb 52 trillion so‘m yo‘naltiriladi
Mablag‘ning 28,6 trillion so‘mi turli sohalardagi subsidiyalarga, 23 trillion so‘mi esa Pensiya jamg‘armasiga davlat budjeti transferti sifatida ajratilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda 2026 yil uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan subsidiya va transfertlar hajmini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz jurnalisti.
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda davlat budjeti hisobidan jami 51,6 trillion so‘m subsidiya va transfertlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

28,6 trillion so‘m qaysi sohalarga ajratiladi?
Shundan 28,6 trillion so‘m turli sohalardagi subsidiyalarga ajratiladi. Bu mablag‘lar asosan:
• issiqlik ta’minoti;
• ipoteka dasturlari;
• transport xizmatlari;
• nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
• talabalar turar joyini qo‘llab-quvvatlash;
• ta’lim kreditlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Qolgan 23 trillion so‘m esa Pensiya jamg‘armasiga davlat budjeti transferti sifatida yo‘naltiriladi.
«2026 yilda davlat budjeti hisobidan subsidiya va transfertlarning hajmi qariyb 52 trillion so‘mni tashkil etadi. Shundan 28,6 trillion so‘m turli yo‘nalishlardagi subsidiyalarga, 23 trillion so‘m esa Pensiya jamg‘armasiga transfert hissasiga to‘g‘ri keladi», — dedi Fiskal tahlillar instituti vakili.
Pensiya jamg‘armasi uchun asosiy muammo — norasmiy bandlik
Taqdimotda shuningdek, mamlakatdagi band aholining 48,2 foizi norasmiy sektorda faoliyat yuritishi qayd etildi.
Institut fikricha, Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun rasmiy bandlikni kengaytirish va ijtimoiy soliqni muntazam to‘lovchilar sonini oshirish zarur.
«Bandlikni legallashtirish pensiya siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim. Asosiy vazifa — ijtimoiy soliqni muntazam to‘lovchilar bazasini kengaytirish. O‘zini o‘zi band qilish daromadlarni legallashtirishda muhim bosqich, ammo formal bandlik o‘rnini bosmaydi», — deyildi taqdimotda.





