Aldangan ziyoratchilar: Makkada 170 nafardan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytolmayapti

Kecha 09:372 daqiqa

Turfirmalar xatosi tufayli Makkada qolib ketgan 170 dan ortiq o‘zbekistonlik ziyoratchi orasida ko‘plab keksa va kasal insonlar bor.

Aldangan ziyoratchilar: Makkada 170 nafardan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytolmayapti

Saudiya Arabistonining Makka shahrida 170 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi turfirmalarning xatosi sababli vataniga qayta olmay qoldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur fuqarolar xususiy firmalar va ayrim shaxslar orqali Umra ziyoratiga borgan. Biroq safarni tashkil etgan tomonlarning noto‘g‘ri ma’lumotlari va tashkiliy kamchiliklari oqibatida ular belgilangan muddatda ortga qaytolmagan.

Bosh konsulxona diplomatlari vaziyatni o‘rgandi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari vaziyatni o‘rganish maqsadida Makkadagi «Kanari» va «Al-Ayam Elite» mehmonxonalariga borib, ziyoratchilar bilan uchrashdi. Suhbat davomida ularning aksariyati keksa yoshdagi insonlar ekani ma’lum bo‘lgan.

Ziyoratchilar orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet va yuqori qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar ham bor. Ular doimiy ravishda dori-darmon qabul qilishi zarur bo‘lgani holda, uzoq vaqt chet elda qolib ketgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Bosh konsulxona vakillari so‘nggi yillarda litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan ayrim turfirmalar va shaxslar tufayli bunday holatlar ko‘payganini ta’kidladi. Shu bilan birga, rasman faqat 14 ta litsenziyalangan turfirma Umra ziyoratini tashkil etishi mumkinligi eslatildi.

Imkoni borlarga o‘z hisobidan aviachipta xarid qilish tavsiya qilinmoqda

Fuqarolarga ularning murojaatlari tegishli idoralarga yetkazilishi ma’lum qilingan. Biroq jarayon ma’lum vaqt talab qilishi sababli, imkoniyat bo‘lsa, o‘z hisobidan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etildi.

Ayni paytda holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga ularni qiyin ahvolga solgan shaxslar ustidan O‘zbekistonga qaytgach murojaat qilish mumkinligi tushuntirilgan.

Teglar

Mavzuga oid