Logo

«Aqlliroq farzand» tanlash xizmati 50 ming dollargacha turadi

AQSHdagi startaplar EKO orqali olingan embrionlarni kasallik xavfi, bo‘yi, ko‘z rangi va hatto taxminiy IQ darajasi bo‘yicha saralashni taklif qilmoqda. Bunday xizmat ayrim kompaniyalarda 50 ming dollar yoki qariyb 600 mln so‘mgacha turadi. Biroq yetakchi tibbiy tashkilotlar bu texnologiya hali klinik qo‘llash uchun tayyor emasligini aytmoqda.

«Aqlliroq farzand» tanlash xizmati 50 ming dollargacha turadi © iStock

2025 yil oxirida Nyu-York metrosida noodatiy reklamalar paydo bo‘ldi. Ulardan birida «Eng yaxshi farzandingiz tug‘ilsin», boshqasida esa «IQning 50 foizi genetikaga bog‘liq» deb yozilgandi.

Reklamalar norozilik va «zamonaviy yevgenika» haqidagi bahslarni keltirib chiqardi. Biroq reklama kampaniyasini joylashtirgan Nucleus Genomics startapi asoschisi Kian Sadegi bundan mamnun edi.

«Bu ommaviy bozor uchun mahsulot. Uning ommaviyligini metrodan yaxshiroq yana qayerda ko‘rsatish mumkin?» — degan u The Economist’ga.

Ammo «ommaviy mahsulot» deb ta’riflanayotgan xizmatning bugungi narxi hozircha ommaviy emas.

Nucleus ma’lumotiga ko‘ra, uning embrionlarni genetik tahlil qilish paketi 9 999 dollar turadi. Narxga ota-onalarning DNKsini tekshirish va 20 tagacha embrionni 2 mingdan ortiq kasallik hamda xususiyat bo‘yicha baholash kiradi.

Herasight kompaniyasining xizmati esa 50 ming dollargacha — qariyb 600 mln so‘m turadi. Bunga EKO xarajatlari kirmaydi. Orchid kompaniyasi esa standart genetik tahlil uchun har bir embrionga 2 500 dollar oladi. Paketlarning ko‘lami va tekshiruv usullari farq qilgani sababli bu narxlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi.

Bu genlarni o‘zgartirish emas

Kompaniyalar embrionning DNKsini tahrirlamaydi. Ular EKO jarayonida olingan bir nechta embrionni mavjud genetik farqlar asosida baholab, ota-onaga ulardan birini tanlash imkonini beradi.

Buning uchun rivojlanishning dastlabki bosqichidagi embriondan bir necha hujayra olinadi. DNKdagi millionlab variantlar katta genetik ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilib, har bir embrion uchun poligen xavf ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Natijada ota-onalar embrionlarning yurak kasalligi, diabet, saraton, Alsgeymer yoki ruhiy kasalliklarga taxminiy moyilligini ko‘rishi mumkin. Ayrim kompaniyalar bunga bo‘y, tana vazni, soch va ko‘z rangi, kallik, husnbuzar, chapaqaylik hamda IQ kabi xususiyatlarni ham qo‘shgan.

Biroq bunday ko‘rsatkich kasallik yoki xususiyatni oldindan aniq aytib bermaydi. AQSH Milliy inson genomi tadqiqot instituti ta’rifiga ko‘ra, poligen ko‘rsatkich faqat genom ma’lumotlari asosida hisoblanadi va atrof-muhit, tarbiya hamda turmush tarzini inobatga olmaydi.

Bu yerda ikki turdagi genetik tekshiruvni farqlash muhim. Bitta gen mutatsiyasi sabab bo‘ladigan ayrim og‘ir irsiy kasalliklarni embrionda nisbatan aniq aniqlash mumkin. IQ, bo‘y, diabet yoki yurak kasalligi kabi xususiyatlar esa minglab genetik variantlar va tashqi omillarning murakkab ta’siri ostida shakllanadi.

Ularning barchasini bir xil hisobotda ko‘rsatish foydalanuvchida bu prognozlarning ishonchliligi ham bir xil degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin.

«IQning 50 foizi genetik» degani nima?

Nucleus reklamasidagi eng bahsli jumla IQning 50 foizi genetikaga bog‘liqligi haqidagi da’vo bo‘ldi.

Ammo irsiylik darajasi bir odam aqlining yarmi tug‘ilishidan oldin belgilab qo‘yilganini anglatmaydi. Bu ma’lum aholi va muhitda odamlar o‘rtasidagi farqlarning qanchasi genetik tafovutlar bilan statistik bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, bir juft ota-onadan olingan embrionlar genetik jihatdan bir-biriga juda yaqin bo‘ladi. Shu sababli butun aholi ichida IQ bilan bog‘liq bo‘lgan genetik farq aka-uka yoki opa-singil bo‘lishi mumkin bo‘lgan embrionlar o‘rtasida ancha kichik chiqadi.

Herasight mijozlar 20 ta yaroqli embrion orasidan tanlash imkoniga ega bo‘lsa, kutilgan IQdagi farq 9 ballgacha yetishi mumkinligini ilgari surgan. Biroq amalda bunday miqdordagi embrion kamdan kam uchraydi.

New York Magazine surishtiruvida keltirilishicha, 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarda bir EKO siklidan keyin tanlash uchun o‘rtacha 4,2 ta, 35 yoshdan oshganlarda esa 1,6 ta embrion qoladi. Embrionlar qancha kam bo‘lsa, ular orasidagi genetik farq va tanlovdan olinadigan ehtimoliy foyda ham shuncha kichik bo‘ladi.

Shu sababli reklamadagi «9 ballgacha» degan ko‘rsatkich ko‘pchilik mijozlar duch keladigan real vaziyatni aks ettirmaydi.

Olimlar texnologiya hali tayyor emasligini aytmoqda

Amerika reproduktiv tibbiyot jamiyati — ASRM 2025 yil dekabrida poligen embrion tahlili bo‘yicha alohida xulosa chiqardi. Tashkilotga ko‘ra, mavjud dalillar bunday testlarning aniqligi, xavfsizligi va klinik foydasini tasdiqlash uchun yetarli emas.

ASRM xulosasida prognozlar cheklangan ma’lumotlar, gen va muhit o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlik hamda genetik bazalarda turli aholi guruhlari yetarlicha aks etmagani sababli xato bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Tashkilot hozircha bunday xizmatlarni faqat nazorat qilinadigan ilmiy tadqiqotlar doirasida qo‘llashni tavsiya qiladi.

Ko‘plab genetik modellar asosan yevropalik kelib chiqishga ega odamlarning ma’lumotlari asosida yaratilgan. Shu sababli ularning boshqa aholi guruhlari uchun aniqligi pasayadi. Bu cheklov global genetik bazalarda kamroq qamrab olingan Markaziy Osiyo aholisi uchun ham muhim.

Yana bir muammo shundaki, bir genetik variant bir vaqtning o‘zida bir nechta xususiyatga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, ma’lum kasallik xavfini kamaytirish uchun tanlangan variant boshqa, hozircha hisobga olinmagan xususiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Behavior Genetics Association ham kompaniyalarning ayrim modellari yopiq va mustaqil ilmiy tekshiruvdan o‘tmaganini ta’kidlab, poligen embrion tanlovini klinik amaliyotda qo‘llamaslikni tavsiya qilgan.

Sog‘lom farzand va «mukammal bola» o‘rtasidagi chegara

Texnologiya tarafdorlari ota-onalarning farzandida diabet, saraton yoki irsiy ruhiy kasallik xavfini kamaytirishga harakat qilishini tabiiy deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bu homiladorlikdan oldingi boshqa genetik tekshiruvlarning davomidir.

Ammo kasallik xavfini kamaytirish bilan bo‘y, ko‘z rangi yoki IQni tanlash o‘rtasidagi chegara aniq emas.

Bunday imkoniyat faqat badavlat oilalar uchun ochiq bo‘lsa, ta’lim va tibbiyotdagi iqtisodiy tengsizlik tug‘ilishdan oldingi bosqichga ko‘chishi mumkin. Bundan tashqari, ota-ona pul to‘lab tanlagan xususiyat bolaning kelajagida namoyon bo‘lmasa, bu uning zimmasiga qo‘shimcha bosim yuklashi ehtimoli bor.

AQSHda bu bozor hozircha deyarli tartibga solinmagan. Buyuk Britaniyada esa poligen ko‘rsatkichlar asosida embrion tanlash noqonuniy deb topilgan. 

Mamlakatning reproduktiv texnologiyalarni nazorat qiluvchi idorasi bunday tanlov sog‘lom farzand tug‘ilish ehtimolini oshirishini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini bildirgan.

Hozircha bozor ilm-fandan tezroq harakat qilmoqda. Kompaniyalar ota-onaga kelajakni aniq ko‘rsatmaydi — ular ehtimollarni hisoblab, embrionlarni bir-biriga nisbatan tartiblaydi.

Shu sababli 10 ming yoki 50 ming dollar evaziga sotilayotgan narsa «aqlliroq farzand»ning o‘zi emas. Bu — noaniq prognozlar to‘plami va farzand kelajagini hech bo‘lmaganda qisman nazorat qilish mumkinligi haqidagi hissiyot.

Asosiy savol ham faqat ota-onalar buning uchun qancha to‘lashga tayyorligida emas. Ular bu pul evaziga aslida nima sotib olayotganini qanchalik to‘g‘ri tushunayotganida.

Teglar

Mavzuga oid

«Aqlliroq farzand» tanlash xizmati 50 ming dollargacha turadi | Vaqt.uz