Logo

O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi davlatlar ro‘yxatini tasdiqladi

Ro‘yxatga 49 ta davlat kiritilgan bo‘lib, endi ushbu davlatlarga shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni xalqaro axborot tizimlari orqali qo‘shimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organ — Migratsiya va personallashtirish departamentini xabardor qilmasdan uzatish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi davlatlar ro‘yxatini tasdiqladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar bir xil darajada himoya qilinishini ta’minlovchi 49 ta davlat ro‘yxatini тасдиқлади. Hujjat «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun asosida qabul qilingan bo‘lib, xalqaro ma’lumot almashinuvida yagona yondashuvni belgilaydi.

Yangi tartibga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga xalqaro shartnomalar asosida ishlovchi axborot tizimlari orqali shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni vakolatli davlat organidan qo‘shimcha ruxsat olmasdan hamda uni oldindan xabardor qilmasdan uzatish mumkin. Shu bilan birga, operatorlar ma’lumotlar tarqalib ketishining oldini olish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi shart.

Ro‘yxatga quyidagi davlatlar kiritilgan:

  1. Avstriya

  2. Andorra

  3. Argentina

  4. Belgiya

  5. Bolgariya

  6. Braziliya

  7. Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi

  8. Vengriya

  9. Germaniya

  10. Gernsi (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)

  11. Gonkong (Xitoy Xalq Respublikasining maxsus ma’muriy hududi)

  12. Gretsiya

  13. Daniya

  14. Jersi (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)

  15. Irlandiya

  16. Ispaniya

  17. Islandiya

  18. Isroil

  19. Italiya

  20. Kanada

  21. Kipr

  22. Koreya Respublikasi

  23. Latviya

  24. Litva

  25. Lixtenshteyn

  26. Luksemburg

  27. Malta

  28. Men oroli (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)

  29. Niderlandiya

  30. Norvegiya

  31. Polsha

  32. Portugaliya

  33. Rossiya

  34. Ruminiya

  35. Singapur

  36. Slovakiya

  37. Sloveniya

  38. AQSH

  39. Urugvay

  40. Farer orollari (Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom hudud)

  41. Finlyandiya

  42. Fransiya

  43. Xorvatiya

  44. Chex Respublikasi

  45. Shveysariya

  46. Shvetsiya

  47. Estoniya

  48. Yangi Zelandiya

  49. Yaponiya

Qo‘shimcha talablar joriy etildi

Ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish esa faqat operator yoki ma’lumotlar bazasi mulkdori Migratsiya va personallashtirish departamenti belgilaydigan huquqiy, tashkiliy hamda texnik talablarni bajargan taqdirdagina amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, agar transchegaraviy uzatish jarayonida shaxsga doir ma’lumotlar tarqalib ketgani aniqlansa, operator bu haqda 24 soat ichida Migratsiya va personallashtirish departamentini xabardor qilishi shart. Shuningdek, 72 soat ichida hodisaning sabablari va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqida batafsil ma’lumot taqdim etishi lozim.

Shu bilan birga, ro‘yxatga davlatlarni kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha takliflarni tayyorlash vazifasi ham mazkur departamentga yuklatildi. Idora bir hafta ichida tasdiqlangan ro‘yxatni rasmiy saytida e’lon qilishi kerak.

Xalqaro integratsiya rejasi

Qarorga muvofiq, Tashqi ishlar vazirligi uch oy ichida O‘zbekistonning 1981 yilda Strasburgda qabul qilingan shaxsga doir ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlashda jismoniy shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Shuningdek, mamlakatni boshqa davlatlarning ma’lumotlar himoyasi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatlariga kiritish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, IIV Raqamli texnologiyalar vazirligi, DXX va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda uch oy ichida ro‘yxatga kirmagan davlatlarga ma’lumot uzatishda qo‘llaniladigan standart shartnomaviy shartlar hamda majburiy korporativ qoidalarga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Prezident tomonidan «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar imzolangan edi. Unga ko‘ra, xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda shaxsiy ma’lumotlarga O‘zbekistondan tashqarida ham ishlov berishga ruxsat berildi.

Biroq biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek O‘zbekistondagi telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga oid ma’lumotlar mamlakat hududida majburiy saqlanishi shart. Qolgan turdagi shaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan talablarga rioya qilingan va tegishli davlat yetarli himoya darajasiga ega deb e’tirof etilgan taqdirda, xorijda saqlash hamda qayta ishlash mumkin.

Teglar

Mavzuga oid