Logo

9,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Bugun 15:452 daqiqa

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganishlari davomida o‘nlab davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi.

9,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi © istock

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlarida 9,3 mlrd so‘mdan ortiq qiymatda qonunbuzilish holatlarini aniqladi.

Agentlik ma’lum qilishicha, o‘rganishlar davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan. Tahlillar natijasida bir qator buyurtmachilar tomonidan xaridlarni baholash jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilmagan.

Eng yirik holat 1,74 mlrd so‘mlik xaridda «Binolardan foydalanish va qurilish-ta’mirlash ishlari direksiyasi» buyurtmachiligida aniqlangan. «Bekobod ovqatlanish kombinati» MCHJda 1,6 mlrd so‘mlik, Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida esa 1,55 mlrd so‘mlik xaridlar qonunbuzilishlar bilan o‘tkazilgan.

Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tuman voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab internatida 1,43 mlrd so‘mlik, Urganch shahar tibbiyot birlashmasida 824 mln so‘mlik xarid jarayonlarida ham qonunchilik talablari buzilgan.

Raqobat cheklangan holatlar

Agentlik aniqlagan holatlar faqat yirik xaridlar bilan cheklanmagan. Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 790,5 mln so‘mlik, Piskent tumani hokimligida 700 mln so‘mlik xaridlarda ham qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Bundan tashqari, Yangibozor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 241,5 mln va 202,9 mln so‘mlik, Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasida 238,5 mln so‘mlik davlat xaridlari o‘rganilgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur xaridlarda baholash jarayonida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan. Ayrim holatlarda esa ishtirokchilar o‘rtasidagi raqobatni cheklashga olib keluvchi harakatlar aniqlangan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritilgan. Natijada xarid komissiyalarining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, qonunga xilof xaridlarni amalga oshirishning oldi olingan.

O‘rganishlar davomida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid

9,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi | Vaqt.uz