Logo

Foydalanilmayotgan aerodromlarni biznes uchun berish rejalashtirilmoqda

Bugun 11:122 daqiqa

O‘zbekistonda kichik va havaskor aviatsiyani rivojlantirish uchun alohida huquqiy tizim yaratilishi rejalashtirilmoqda. Unda havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini yengillashtirish, 115 kg gacha bo‘lgan apparatlarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik hamda foydalanilmayotgan aerodromlarni tiklab, ularni biznes ixtiyoriga berish taklif etilgan.

Foydalanilmayotgan aerodromlarni biznes uchun berish rejalashtirilmoqda © uzairways.uz

O‘zbekistonda kichik va havaskor aviatsiyani tartibga solishning alohida tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan. Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihaga ko‘ra, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi kichik aviatsiya sohasidagi davlat regulyatori etib belgilanishi taklif qilingan. Agentlik havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, texnik xizmat ko‘rsatish, mutaxassislarni tayyorlash va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish vakolatlariga ega bo‘ladi.

Shuningdek, ICAO talablariga muvofiq kichik aviatsiya uchun alohida aviatsiya qoidalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ular maksimal uchish vazni 5700 kg gacha bo‘lgan samolyotlar va 2250 kg gacha bo‘lgan vertolyotlarga tatbiq etiladi.

Ro‘yxatdan o‘tish yengillashadi

Loyihada kichik aviatsiya havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish nazarda tutilgan. Bu bo‘yicha hujjatlarni uch oy ichida ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, ICAO amaliyoti asosida vazni 115 kg gacha bo‘lgan uchish apparatlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishdan ozod qilish rejalashtirilgan. Yengil havo kemalari uchun alohida «Havaskor aviatsiya» toifasi ham joriy etiladi.

Loyiha doirasida yagona «Kichik aviatsiya» elektron platformasini ishga tushirish, Cadet Program orqali uchuvchilar zaxirasini tayyorlash hamda uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish ham taklif qilingan.

Aerodromlar taqdiri

Qaror loyihasining yana bir muhim qismi foydalanishdan chiqqan aerodromlar va uchish-qo‘nish yo‘laklarini qayta tiklashga bag‘ishlangan. Ular obodonlashtirilgandan keyin faol turizmni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar va loyiha tashabbuskorlariga ijaraga berilishi rejalashtirilmoqda.

Hozircha aynan qaysi aerodromlar qayta tiklanishi ma’lum qilinmagan. Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda 18 ta aeroport faoliyat yuritadi.

Teglar

Mavzuga oid