Logo

Markaziy Osiyo fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida borishni to‘xtatmoqda

Kecha 11:552 daqiqa

Mutaxassislar buni migratsiya siyosati va xarajatlar oshishi bilan izohlagan.

Markaziy Osiyo fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida borishni to‘xtatmoqda © Vedomosti

2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining ishlash maqsadida Rossiyaga borish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga kamaygan. Bu haqda Rossiya chegara xizmati statistikasiga tayanib, «Vedomosti» xabar qildi.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilning birinchi yarmida mazkur uch davlat fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida jami 2,3 milliondan ortiq marta kirgan bo‘lsa, 2026 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich qariyb 1,9 millionni tashkil etgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Rossiyaga mehnat migrantlarini eng ko‘p yuboruvchi davlat bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston yetakchilikni saqlab qoldi

2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari ishlash maqsadida Rossiya chegarasini 1,1 million martadan ko‘proq kesib o‘tgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 13,2 foizga kam.

Tojikiston fuqarolari 494,5 ming marta, Qirg‘iziston fuqarolari esa 289,1 ming marta xuddi shu maqsadda Rossiyaga borgan. Bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 17,9 va 16,7 foizga qisqarganini ko‘rsatadi.

Sabablar nimada?

Mutaxassislarning fikricha, mehnat migratsiyasi qisqarishiga Rossiyada migratsiya qonunchiligining qat’iylashgani va ishlash xarajatlarining oshib borishi ta’sir ko‘rsatgan.

Rossiya bilan vizasiz tartib amal qilsa-da, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ishlash uchun patent rasmiylashtirishi kerak. Shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, uy-joy ijarasi va transport xarajatlari ham mehnat migrantlari uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lmoqda.

Rossiya Moliya universiteti professori Aleksandr Safonovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani va mehnat migrantlari Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi mehnat bozorlariga ham ko‘proq e’tibor qaratayotgani ushbu tendensiyaga ta’sir qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid