Logo

SpaceX raketasining bir qismi Oyga urildi

Kecha 21:202 daqiqa

Ishdan chiqqan SpaceX raketasining yuqori pog‘onasi belgilangan trayektoriyadan chetga chiqib, Oyga urildi. To‘qnashuv Yer uchun xavf tug‘dirmadi, ammo kosmik chiqindilar muammosiga yana bir bor e’tiborni qaratdi.

SpaceX raketasining bir qismi Oyga urildi

SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 eltuvchi raketasining yuqori pog‘onasi, kutilganidek, Oyga urildi. 5-avgust, chorshanba kuni sodir bo‘lgan to‘qnashuv faktini Chilidagi Yevropa janubiy observatoriyasi (ESO) tasdiqladi. Ular Very Large Telescope (VLT) teleskopi yordamida tegishli spektral chiziqlarni aniqlash orqali buni qayd etishgan.

Avvalroq AQSH Milliy aeronavtika va fazoni o‘rganish boshqarmasi (NASA) zarba joyini suratga olish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Biroq suratlarni Yerga uzatish bir necha kun vaqt olishi mumkin.

NASA taxminlariga ko‘ra, raketa bo‘lagining Oy sathi bilan to‘qnashuvi natijasida diametri taxminan 18 metr va chuqurligi qariyb 4 metr bo‘lgan krater hosil bo‘ladi. Zarba Eynshteyn va Bell kraterlari yaqinida yuz berishi kutilgan edi.

Ishdan chiqqan raketa bo‘lagi trayektoriyadan chetga chiqqan

2025 yilning 15-yanvarida SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasini koinotga uchirib, Oyga mo‘ljallangan «Blue Ghost 1» qo‘nish modulini muvaffaqiyatli olib chiqqan edi. Raketaning birinchi pog‘onasi Yerga qaytgan, biroq yuqori pog‘onasi koinotda qolib ketgan.

«Quyosh faolligi va gravitatsion ta’sirning uyg‘unligi» sababli u belgilangan trayektoriyadan chetga chiqib, bexosdan Oy tomon yo‘naldi», - deya ma’lum qilgan edi to‘qnashuvdan oldin SpaceX’ning NASA ilmiy dasturlari va Dragon dasturlari bo‘yicha direktori Julianna Shayman.

Garchi bu to‘qnashuv Yer sayyorasi uchun hech qanday xavf tug‘dirmasa-da, u koinotdagi chiqindilar muammosiga yana bir bor e’tiborni qaratdi. Yevropa kosmik agentligi (ESA) hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Yer orbitasida umumiy vazni qariyb 17 ming tonna bo‘lgan 46 mingdan ortiq kosmik chiqindi obyektlari aylanib yuribdi.

Teglar

Mavzuga oid